Breaking News

Karachida jangarilar yana aeroportga hujum qildi


Karachidagi aeroportda yaqinidan ayrilgan oilalar motamda.
Karachidagi aeroportda yaqinidan ayrilgan oilalar motamda.

Voqea aeroport xavfsizlik xizmatining treninglar o’tadigan bo’limida ro’y bergan. Politsiya hujumni qaytardik, deydi.

Pokiston rasmiylarining aytishicha, Karachi shahrida xalqaro aeroport yonida, xuddi kechagi kabi, yana bir hujum ro’y bergan.

Voqea aeroport xavfsizlik xizmatining treninglar o’tadigan bo’limida ro’y bergan. “Amerika Ovozi”ning Pokistondagi muxbiri xabariga ko’ra, politsiya hujumni qaytarishga muvaffaq bo’lgan.

Rasmiylarning aytishicha, mototsikl mingan qurollangan to’rt shaxs hozir qidiruvda.

Bir kun oldin xuddi shu aeroportda toliblar hamlasida kamida 35 odam jon bergan edi. Yakshanba kungi hujum besh soat davom etib, qattiq qurollangan jangarilar xavfsizlik xizmatiga qarata o’t ochib, ba’zilari o’zini portlatgan. Ayrim toliblar harbiy formada bo’lgani ma’lum.

Tahlilchilar nazarida bu xurujlar Bosh vazir Navoz Sharifning Tolibon bilan murosa qilish siyosatiga pand berishi aniq. Pokistondagi toliblar aprel oyida olti haftalik sulhni bekor qilgan edi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun aeroportdagi hujumlarni qoralamoqda.

Shuningdek, yakshanba kuni Pokiston-Eron chegarasi yonida sunniy jangarilar deya taxmin qilinayotgan guruh shia ziyoratchilar o’tirgan avtobusni portlatgan. 26 odam jon bergan.

Toliblar aeroportdagi hamlani Afg’oniston bilan chegarada yaqinda armiya amalga oshirgan reydlar bilan bog’layapti. Jangarilar, shuningdek, o’tgan yili Amerika havo hujumida halok bo’lgan Tolibon sardori Hikmatulla Masud uchun qasos olganini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG