Breaking News

Pokistondagi xurujda kamida 70 odam o'ldi


Pokiston sharqidagi Lohur shahrida yakshanba kuni gavjum bog’da bomba portlab, kamida 70 odam o’lgan, salkam 300 kishi jarohat olgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar.

Pokiston Tolibonidan ajralib chiqqan bir guruh Gulshan Iqbol bog’ida nasroniylarni nishonga olib, xuruj uyushtirganini tan oldi. Nasroniylar Pokiston aholisining ikki foizdan kamroq qismini tashkil etadi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Ned Praysning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Lohurdagi xurujni qattiq qoralaydi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun aybdorlarni ushlab, jazolashga chaqirdi.

Pokistonda uch kunlik motam e’lon qilingan.

Xuruj ketidan amalga oshirilgan reydda Lohur va uning atrofidagi Multan va Faysalobod shaharlarida terrorchilikda gumonlangan bir necha shaxs qo'lga olingan.

Bu orada Afg'oniston razvedka idorasi rahbari mamlakatda Tolibon xurujlarining kuchayishida to'g'ridan to'g'ri qo'shni Pokistonning harbiy razvedka idoralarini aybladi.

Xavfsizlik Milliy direktorati rahbari vazifasini bajaruvchi Mas'ud Andarabiyning Parlamentda o'tgan tinglovda aytishicha, kunlar isishi bilan isyonchi guruhning hujumlari yanada kuchayishi kutilmoqda.

"(Pokistonning) ISI razvedka agentligi ularni (Tolibonni) to'liq qo'llab-quvvatlab, urushni davom ettirishga, hududlarni egallashga undamoqda", - dedi u.

Pokiston rasmiylari bu bayonotga hali rasman javob bergani yo'q.

Tolibon so'nggi oylarda hujumlar sonini oshirgan. Guruh otgan raketa poytaxt Kobuldagi yangi qurilgan Parlament binosiga ham kelib tushgan. Rasmiylarga ko'ra, bu xurujda talofat ko'rganlar yo'q.

Qunduz viloyatida ham yangi janglar boshlanib ketgani xabar qilinmoqda. Dashti Archi tumanida yuz bergan to'qnashuvlarda isyonchilar va hukumat askarlari orasida og'ir yo'qotishlar yuz bergani aytilgan.

Tolibon so'zlovchisining aytishicha, qiruvchi samolyotlar va AQSh dronlari yordamida afg'on hukumati askarlari isyonchilar manzillariga hujum qilgan. To'qnashuvlar dushanba kuni ham davom etgan.

Kobulga ko'ra, dronlar yordamida 20 dan ortiq Tolibon jangchisi o'ldirilgan.

Bu ma'lumotlarni boshqa manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG