Breaking News

Pokiston Yamandagi harbiy amaliyotda qatnashmaydi


Pokiston Mudofaa vaziri Xo'ja Muhammad Osif Jamoat Ulamo Islom diniy rahbari Mavlono Fazalur Rahmon bilan gaplashayapti. Parlament Yamanni bombardimon qilayotgan koalitsiyaga kirmaslikka qaror qildi.
Pokiston Mudofaa vaziri Xo'ja Muhammad Osif Jamoat Ulamo Islom diniy rahbari Mavlono Fazalur Rahmon bilan gaplashayapti. Parlament Yamanni bombardimon qilayotgan koalitsiyaga kirmaslikka qaror qildi.

Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti notinch Yamanga tezkor tibbiy yordam jo'nata boshladi. Mamlakatda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya isyonchilarning manzillarini bombardimon qilayapti.

Yaman poytaxti Sanoga bugun tibbiy madad ortilgan samolyot yetib borgan. Uning bortida 16 tonnadan ortiq dori-darmon bor, deya bildiradi Qizil Xoch vakillari.

Yamanda mana bir necha haftadirki hutiy shia isyonchilari prezidentga sodiq kuchlar bilan jang qilmoqda. Ikki haftadan beri jangga Saudiya yetakchiligidagi koalitsiya ham tortildi. Hutiylar shia Eronning qo'llab-quvvatlovini olgani aytiladi.

Pokiston mojaroga aralashmaydi

Bu orada, aholisi asosan sunniylardan iborat Pokistonda parlament bir ovozdan koalitsiyaga qo'shilmaslikka qaror qildi. Qonunchilar mojaroni muzokara yo'li bilangina hal qilish mumkin, deydi. Mamlakat betaraf qolmoqchi. Holbuki, Saudiya Arabistoni Pokistondan harbiy amaliyotlarga qo'shilishni so'ragan edi.

Bosh vazir Navoz Sharif bu iltimosni ko'rib chiqish uchun qonunchilarni favqulodda majlisga chorladi. Islomoboddan, xususan, jangovar kemalar, samolyotlar va piyoda qo'shinlarni jo'natish so'ralgan edi.

Qonunchilar bir necha kun qattiq bahs qildi. Yamandagi mojaroga aralashsa, Pokiston o'z mamlakatida mazhablararo adovatni yanada avj oldirib yuboradi, degan xavotirlar yangradi.

Muhokama oxirida yakdillikda qabul qilingan rezolyutsiyada Yamandagi ahvoldan qattiq tashvishdamiz, deyish bilan cheklanildi.

Yamandagi ixtilof 600 kishining boshini yedi. 100 ming odam uyini tashlab qochgan.

Koalitsiyaning zarbalari hutiylarning ildamlashini to'xtatganicha yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG