Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malikiyning aytishicha, muxtoriyat ayrim arab davlatlarining Isroil bilan aloqalarni o’rnatishiga e’tiroz tariqasida Arab Ligasidagi raisligidan voz kechishga qaror qildi.
O’tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda bo’lib, Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan diplomatik aloqalarni o’rnatishga doir bitim imzoladi.
Malikiy o’z bayonotida bu davlatlar nomini tilga olmagan bo’lsa-da, ularga ishora qilgani sir emas.
“Falastin liganing amaldagi sessiyasida kengashga raislik qilish huquqidan voz kechishga qaror qildi. Falastin raisligi paytida Isroil bilan aloqalarning normallashayotganini ko’rish sharafli ish emas”, - dedi vazir.
Falastin Arab Ligasi kengashidagi majlislarga keyingi olti oy davomida raislik qilishi kerak edi.
Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn Isroil bilan AQSh vositachiligida aloqa o’rnatishga qaror qilgan. AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, yana bir necha arab davlati, jumladan Saudiya Arabistoni ham ularning yo’lidan borishi kutilmoqda.
Arab dunyosida shu paytgacha faqat Misr va Iordaniya Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega edi. Falastin xavotiri shundan iboratki, amirliklar va Bahraynning ham ularga qo’shilishi Falastinning mustaqil davlatga erishish yo’lidagi harakatlariga pand beradi.
Arab davlatlari Isroil Falastin davlatchiligini tan olsagina, u bilan aloqa o’rnatishini bildirib kelgan edi. Falastin nazarida, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bu kelishuvni buzgan, biroq muxtoriyat Arab Ligasini bu ikki davlat harakatlarini qoralovchi bayonot chiqarishga ko’ndira olmadi.
Facebook Forum