Falastinliklar 22-may kuni 15 yildan beri birinchi saylovda qatnashadi. So’nggi bor saylovlar 2006-yilda o’tkazilgan va unda XAMAS partiyasi g’alaba qozongan edi. Raqib FATH partiyasi bilan kelishmovchiliklardan so’ng muxtoriyatda qo’sh hokimlik vujudga keldi – XAMAS G’azo Sektorini, FATH esa G’arbiy Sohilni boshqarib keldi.
Yanvar oyida Prezident Mahmud Abbos yangi saylovlar haqida e’lon qilganida ba’zilar buni AQShning yangi ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan qadam deb ko’rdi.
Hududda prezident saylovlari ham o’tkaziladi. 2005-yilda prezidentlikka saylangan Abbosning vakolati 2009-yilda tugaganiga qaramay, u muxtoriyatni saylovsiz yana qo’shimcha salkam 11 yil boshqardi. Bu esa o’z navbatida ayrimlar tanqidiga sabab bo’ldi.
O’tgan hafta har ikki yirik partiya nomzodlari ro’yxatini e’lon qildi. Biroq FATH saflarida bo’linish ko’zga tashlandi. 2002-yildan beri Isroil qamog’ida o’tirgan yetakchi siyosatchi Marvan Barg’utiy va Yosir Arafatning jiyani Nosir al-Qudva Mahmud Abbos ko’rsatgan ro’yxatdan alohida nomzodlar ro’yxatini saylov komissiyasiga taqdim etdi.
Barg’utiy anchadan beri omma ko’ziga ko’rinmasa-da, reytingi hali ham baland, ko’plar uni prezident sifatida ko’rishni istaydi. Bugun tibbiy ko’rikdan o’tish uchun Germaniyaga borgan 85 yashar Abbosning sog’lig’i xavotirga sabab bo’lmoqda. Prezident saylovlari 31-iyulga belgilandi.
34 va undan kichik yoshdagi falastinliklar uchun bu birinchi saylov bo’ladi. 5,2 million aholiga ega Falastinning yarmidan ko’pini 29 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi.
"Biz o’zimizni inkor etilgan avlod deb ataymiz. Chunki bizga siyosiy tizimda ishtirok etishga imkon berishmadi, fikrimizni inobatga olishmadi. Biz umrida hech kimni saylamagan avlod vakillarimiz”, - deydi “Demokratik yangilanish uchun avlod” harakati a’zosi Salim Barahma.
Harakat deputatlik uchun nomzodlar yoshining quyi chegarasini 28 ga tushirishni talab qilmoqda. Unga ko’ra, nomzodlarni ro’yxatga olish uchun partiya 20 ming dollar to’lashi kerak, ammo bu talab yoshlarning saylovda qatnashishiga to’sqinlik qilmoqda. Guruh o’z ro’yxatini virtual shaklda chop etdi.
FATH va XAMAS o’rtasidagi kelishmovchiliklardan tashqari G’arbiy Sohil, G’azo va Sharqiy Quddusning Isroil istilosidagi hududlarida saylovni tashkil etish oson bo’lmaydi, deydi kuzatuvchilar.
Facebook Forum