Breaking News

Mashhur, boy shaxslarning maxfiy hisoblari fosh qilindi


Jurnalistlar Panamada asoslangan "Mossak Fonseca" huquqiy firmasidan millionlab maxfiy hujjatlarni jamladi.
Jurnalistlar Panamada asoslangan "Mossak Fonseca" huquqiy firmasidan millionlab maxfiy hujjatlarni jamladi.

Jahonning mashhur, boy odamlari pulini soliqdan yashirib qayerda saqlaydi? Bir necha jurnalist Panamada asoslangan huquqiy firmadan olingan hujjatlar asosida bu savolga javob topgan.

Gap dunyoning deyarli har bir burchagida yashayotgan davlatmand kishilar, rasmiylar haqida ketmoqda.

Jurnalistlar Panamada asoslangan "Mossak Fonseca" huquqiy firmasidan millionlab maxfiy hujjatlarni jamladi. Bu dokumentlarga ko'ra, boy va qudratli odamlar Panama kabi soliqdan xoli davlatlarda mo'maygina mulkini saqlar ekan. Poraxo'rlikni yashirish, moliyaviy jazodan pana qilish uchun qulay bu.

"Bu odamlar shaxsini fosh qilmasdan, yashirin kompaniyalar ta'sis etib pulini ana shu firmalarda saqlaydi. Bu pul muayyan shaxsga tegishli ekanini isbotlash ham qiyin", - deydi Meggi Merfi, "Transparency international" eksperti.

Ro'yxatda 12 davlatning rahbarlari, 50 mamlakatdan 143 siyosatchi bor.

Islandiya Bosh vaziri Sigmundur Gunnleygson, masalan, millionlab dollarlik yashirin sarmoyasini ana shunday offshor, ya'ni chetdagi kompaniyada saqlagan. Tanqidchilar uning ishdan ketishini talab qilmoqda.

Xitoy kommunistik partiyasi yetakchilari, jumladan, Prezident Shi Zinpin oilasi ham mazkur ro'yxatga tushgan.

Argentina Prezidenti Maurisio Makri Bagama orollarida pul yashirgani da'vo qilinadi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko 2014-yilning avgustida Britaniyaning Virginiya orollarida maxfiy offshor firmasini ta'sis etgan. Holbuki, o'sha paytda Ukraina qo'shinlari Rossiyaga xayrixoh isyonchilar bilan qon kechib jang qilayotgan edi.

Jurnalistlar Rossiya rahbari Vladimir Putinga aloqador shaxslarning bir necha milliard dollarlik yashirin hisoblarini ham aniqlagan.

Mojaro markazidagi "Mossack Fonseca" firmasi qonunni buzgan emasmiz, deb turib olgan. Faollar puxta tergov o'tkazilishini talab qilmoqda.

"Bunday hajmdagi moliyani o'tkazish bilan qanchadan-qancha banklar, advokatlar, hisobchilar shug'ullangan. Katta shaharlardagi rasmiylar, banklar bunday jinoiy rejada salmoqli rol o'ynaganini tushunib turibmiz", - deydi Meggi Merfi.

Britaniyada may oyida o'tadigan korrupsiyaga qarshi xalqaro sammitda bu mojaro ham muhokama qilinishi aniq. Holbuki, hujjatlardan ayon bo'lishicha, janjalga sammit qatnashchilari ham aralashgan bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG