Koronavirus dunyo bo’ylab tarqala boshlashi bilan Janubiy Koreya, Singapur va Vyetnam kabi mamlakatlar zudlik bilan bizneslar va tashkilotlarni yopib, mamlakat bo’ylab koronavirusga testlarni o’tkazib hamda virusga chalinganlar aloqada bo’lgan odamlarni aniqlab, epidemiyani jilovlashga muvaffaq bo’ldi.
Natijada bu mamlakatlarda iqtisodiyot silliq ochilmoqda.
“AQShda iqtisodiyotning qisman ochilishiga xaridorlar tomonidan munosabat qanday bo’lishini bilmaymiz. Bu mamlakatlarda esa tizim yo’lga qo’yigan”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Stefani Sigal.
Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikaning rivojlangan mamlakatlari karantin paytida turib qolib moliyaviy zarar ko’rgan kompaniyalar va ishchilarga katta miqdorda yordam berishga majbur.
Masalan, Germaniyada ishsizlik nisbatan past, chunki kompaniyalar xodimlariga maoshlarni to’lashda davom etish evaziga hukumatdan moliyaviy yordam oldi.
AQShda esa ishsizlik rekord darajaga chiqib, ishchilarga yordam maxsus ishsizlik dasturlari orqali ko’rsatilmoqda. Ko’plab amerikaliklar davlatdan oziq-ovqat yordami ham olmoqda.
Pandemiyadan oldin ham keng ko’lamli qashshoqlik bilan olishib kelgan rivojlanayotgan mamlakatlar dunyoda koronavirusdan eng qattiq zarar ko’rgan davlatlar bo’lib, global miqyosda ayniqsa eksport va turizm sohalari qattiq zarar ko’rdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ochlik pandemiyasi haqida ogohlantirar ekan, donor davlatlardan salkam 7 milliard dollar so’radi.
“Gumanitar yordam bu nafaqat ma’naviy burch, balki koronavirusga qarshi kurashda muhim amaliy zarurat hamdir. Agar COVID-19 kasalligi qashshoq mamlakatlarni qaqshatsa, bu barchamizga ziyon bo’ladi”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
AQShda iqtisodiy yordamni oshirishga da’vatlar yangrayotganiga qaramay, konservativ qonunchilar mamlakatni yanada qarzga botirishga qarshi. Ular nazarida, qarzni qisqartirish maqsadida hukumat soliqlarni oshirishga, ko’plab dasturlarni qisqartirishga majbur bo’ladi, bu esa iqtisodiy o’sishni sekinlashtirib qo’yadi.
“Odamlar ishga chiqmasa, ularga qo’shimcha yordam berishga to’g’ri keladi”, - deydi tahlilchi Sigal.
Koronavirusga qarshi vaksina yaratilmas yoki effektiv muolaja ishlab chiqilmas ekan, iqtisodiy tanazzul qancha davom etishini yoki qanchalik jiddiy bo’lishini aniq bashorat qilib bo’lmaydi. Iqtisodchilar bizneslarni erta ochish inqirozni uzaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Facebook Forum