Breaking News

Pandemiya Turkiyada avtokratiya kuchayishiga turtki beryaptimi?


Turkiyada karantin natijasida Istanbul va ko’plab boshqa shaharlar arvoh-shaharlarga o’xshab qolgan. Koronavirusga qarshi kurash nafaqat ko’chada, balki ijtimoiy sahifalarda ham olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy sahifalarda vahima tarqatgan odamlarni jazolashga qaratilgan qonunga muvofiq ba’zilar hibsga olingani haqida ma’lum qildi.

“Odamlarning ijtimoiy sahifalardagi izohlarini mamlakatga tahdid deb ko’rsatishning o’zi vahimali bir narsa. Bu odamlarga “jim o’tiring, hukumatni tanqid qilmang“ degan ma’noni anglatadi“, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotidan Emma Sinkler-Veb.

Prezident Rajab Toyib Erdog’an nafaqat epidemiyani, balki matbuot va siyosatdagi viruslarni ham qo’porib tashlashini aytgan.

Mamlakatdagi oz sonli mustaqil matbuot organlari hukumatning epidemiya bo’yicha siyosatini tanqid qilishda davom etmoqda.

Natijada ba’zi muxbirlar ushlanib, sudga tortildi.

Huquq guruhlari Erdog’anni koronavirus bahonasida hokimiyatini kuchaytirayotganlikda ayblaydi.

“Bir necha hafta oldin “terror tashviqoti“, “prezidentni haqoratlash“ kabi ayblovlar bilan odamlarni qamashayotgandi, endi esa koronavirus mavzusida provokatsiya bo’lyapti deb jinoiy tergovlar olib borishyapti“, - deydi So’z erkinligi jamiyatidan Yaman Akdeniz.

Istanbul hokimi Akram Imomo’g’lining yaqinda aytishicha, u va muxolifatdan chiqqan yana bir necha hokim tergov qilinmoqda va lavozimidan olinishi mumkin.

Hokimlar fuqarolarga bepul niqob tarqatib, koronavirusga chalingan odamlarga yordam berish maqsadida pul to’plashga ko’maklashgan. Erdog’an ularni davlat ichida davlat yaratayotganlikda aybladi.

Tanqidchilarga ko’ra, pandemiya avtoritar hukumatlarga nazoratni yanada kuchaytirishga yaxshi bahona bo’ldi, biroq bu, deydi ular, beqarorlikka olib keladi.

“Odamlar bunga qanday munosabat bildirishini bilmaymiz. Kimdir buni hozirgi inqirozning zaruriyatli mahsuli deb ko’rishi mumkin, biroq kimdir keyinchalik hukumatning qattiqqo’lligidan bezib, qarshilik ko’rsatishi mumkin“, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashidan Asli Oydintoshbosh.

Erdog’an hukumatning eng so’nggi choralari pandemiya bilan olishishga qaratilganini aytib, hokimiyatini kuchaytirayotgani haqidagi da’volarni inkor etadi.

Virus bilan kasallanish sur’ati tushib, karantin choralari yumshatilayotganiga qaramay, pandemiya paytida rekord darajada qadrsizlangan milliy pul birligi – lira qiymatini yanada tushirishga qaratilgan yolg’on xabarlar yoki mish-mishlar uchun jazo choralari belgilangan.

Erdog’an nazarida, lira valyuta manipulyatorlari va ijtimoiy sahifalardagi mish-mishlar sabab tushib ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG