Floridaning Parklend shahrida ota-onalar, muallimlar va o'quvchilar maktablarni xavfsizroq qilish maqsadida o'qituvchilarni qurollantirish kerak, degan taklifga qarshi chiqmoqda. 2018-yilning fevralida 20 yoshli amerikalik bu shahardagi maktablardan biriga kirib, 17 kishini otib o'ldirgan edi.
"O'qituvchilarni qurollantirishga qarshiman", - deydi Lori Alhadif. Uning 16 yoshli qizi o'sha qatliomda halok bo'lgan.
"Huquq-tartibot xodimlarini tahdidni bartaraf etishga o'rgatishimiz kerak. O'qituvchilarga qurol emas, ko'proq resurs va yaxshiroq maosh kerak", - deydi u.
"Stoneman Douglas" maktabidagi otishma, odatdagidek, qurolga egalik yuzasidan bahslarga sabab bo'ldi. Bir necha oylik tergov ketidan maktabning jamoat xavfsizligi komissiyasi hisobot chiqardi. Undagi tavsiyalardan biri shuki, o'qituvchilarga maktabda maxfiy qurol olib yurishga ruxsat berilishi, bu dasturda qatnashishni xohlovchilar tayyorgarlikdan o'tishi kerak.
Otishmada farzandlari halok bo'lgan ayrim ota-onalarga bu taklifga qarshi chiqdi, lekin politsiyachilar va Florida shtati qonunchilaridan iborat komissiya "Stoneman Douglas" maktabi muallimlari bilan maslahatlashgani yo'q.
"Maktabga kelishgani ham yo'q. Xavfsizlik bo'yicha, bolalarni himoya qilish bo'yicha tavsiyalar berishayapti, lekin o'qituvchilardan so'rashmadi", - deydi ingliz tili o'qituvchisi Felisia Burgin.
Uning fikricha, maktabda xavfsizlik xodimlarini ko'paytirish kerak.
"Bu yerga dars berish uchun kelaman, politsiyachi emasman", - deydi yana bir muallim Sara Lerner.
Hisobot chiqqanidan bir necha kun o'tmay komissiya rahbari, sheriff Bob Gualtieri qurolga egalik huquqini targ'ib qiluvchi Milliy qurol uyushmasining ko'rsatuvida ko'rinish bergan. Bundan ma'lumki, komissiya xolis emas, deydi ayrimlar.
2018-yilda AQShda uch va undan ortiq odam halok bo'lgan otishmalar soni 300 dan oshgan, 2012-yildan beri esa bu raqam 1500 ni tashkil etadi. Qurolga egalik masalasida konstitutsiya bu mamlakatda fuqarolarga keng huquqlar beradi.
Otishmalarni kamaytirish uchun nima qilish lozim, degan savolga qurol egalari va Prezident Trampdan javob: Yaxshi odamlar qo'lida ham ko'proq qurol bo'lsa, otishmalar kamayadi, jamiyat xavfsizroq bo'ladi.
Faollarga ko'ra esa bu ahmoqona fikr. Rivojlangan davlatlar orasida eng ko'p otishma Amerikada ro'y berishiga sabab, deydi ular, aholi qo'lida qurol ko'p va uni xarid qilish oson.
Facebook Forum