Breaking News

Tinchlik Korpusi 50 yildan beri dunyo xizmatida


Tinchlik Korpusi 50 yildan beri dunyo xizmatida
Tinchlik Korpusi 50 yildan beri dunyo xizmatida

1960-yili AQSh prezidenti Jon Kennedi Michigan Universitetida qilgan nutqida talabalarni rivojlanayotgan davlatlarga borib, jamiyatga xizmat qilishga, ularga Amerika haqida to’g’ri bilim berishga da’vat etadi. Oradan ko’p o’tmay, Tinchlik Korpusiga asos solinadi.

50 yilligini nishonlayotgan tashkilot safida shu kungacha 200 mingdan ziyod yigit-qiz xizmat qilgan. Hozirda dunyo bo’ylab sakkiz mingdan ziyod yoshlar jahon bo’ylab muhtoj odamlarning og’irini yengil qilish bilan band.

Texasda universitetni a’lo baholarga tamomlagan Nisha Skaria ingliz tili o’qituvchisi sifatida Indoneziyaga bordi.

“Hali yoshman. Hayotda qaysi yo’ldan boraman, nimalar bilan shug’ullanaman, aniq bir qarorga kelganim yo’q. Bu mamlakatga borib, u yerdagi odamlar hayotiga kichik bo’lsa-da, ijobiy o’zgarish bag’ishlash men uchun baxt. Hayotiy tajribam ham ortadi”.

Asli pensilvaniyalik Travis Blumling ham maktabda ingliz tilidan dars beradi.

“Bu o’g’il-qizlar bir kun kelib katta hayotga qadam qo’yganida, ish qidirganida, ingliz tilini bilishi as qotadi, ularni boshqalardan ustun qo’yadi”.

Tinchlik Korpusining boshqa yordam dasturlaridan farqli jihati shuki, unga yozilgan ko’ngillilar chet davlatga borib yashab, ishlaydi.

Dasturning Tailand bo’yicha rahbari Jon Uilyamsning aytishicha, tashkilot katta bir oiladek ish yuritadi.

“Ko’ngillilarimiz mavjud muammolarning barchasini hal qila olmasligi mumkin, lekin yordam qo’lini cho’zishga doimo tayyor”.

Qo’shma Shtatlar shu zayl tashqi dunyo bilan aloqalarni mustahkamlab, do’st orttiradi, deydi Uilyams.

Nisha Skaria dunyodagi eng yirik musulmon mamlakat – Indoneziyaga borishdan avval bir oz o’ylandi.

“O’ta konservativ, diniy tartib-qoidalarga berilgan bir jamiyat deb tasavvur qilgan edim. Aksi bo’lib chiqdi. Hamma mehmondo’st va ochiq ko’ngil. Meni iliq kutib olishdi”, - deydi u.

Amerika fuqarolari bu mamlakatda ta’qib ostida, degan xabarlar ketidan Travisning ota- onasi ham o’g’lidan xavotir oldi.

Travisning o’zi xavotirlar noo’rin desa-da, baribir ich-ichimdan 100 foiz xotirjam bo’lmaganman deydi.

“Shubhalarim noto’g’ri bo’lib chiqdi. Indoneziyaliklar meni hurmatli mehmondek kutib olishdi. Ehtirom ko’rsatishdi. Turli yig’inlarda qatnashdim. Hatto masjidlarga ham bordim”.

Shu kungacha 200 mingdan ziyod amerikalik Tinchlik Korpusi dasturi orqali dunyoning 140 mamlakatida faoliyat olib borgan, jumladan O’zbekistonda ham.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG