AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Yaqin Sharqda bo’lib, Isroil, Misr va Iordaniyada to’xtab o’tdi. Biroq Falastin rahbarlari u bilan uchrashishni istamadi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp dekabr oyida Quddus shahrini Isroilning poytaxti sifatida tan olganidan beri aloqalar yaxshi emas. Pensning Isroilda aytishicha, AQSh Yaqin Sharq tinchlik rejasi ustida ishlamoqda, biroq Falastin uni qabul qilmasligi mumkin.
Pens Isroil parlamentida nutq so’zladi, Quddusdagi ziyoratgohlarga bordi. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar kelasi yili poytaxtini Tel-Avivdan Quddusga ko’chiradi.
“Prezident Tramp Davlat departamentiga bu ishga tezroq kirishishni buyurdi. Yangi elchixona kelasi yil oxirigacha ochiladi”, - dedi Pens.
Isroil rahbarlari va qonunchilari bu xabarni iliq qarshiladi. Parlament spikeri Yuli Edelsteynning aytishicha, tez orada boshqa davlatlar ham shunday qiladi.
“Yevropa parlamentlaridagi hamkasblarimdan bir nechtasi qo’ng’iroq qilib, shu haqda xabar berdi”, - dedi u.
Muxolifat yetakchisi Isaak Xersog ham Pens nutqini olqishladi, ammo uning aytishicha, Isroilning Quddusdagi chegaralarini Falastin bilan kelishish kerak bo’ladi, chunki arablar Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’rmoqchi.
“Bunday kelishuvga hali ancha bor, vaziyat qaltis, istalgan payt portlab ketishi mumkin, izdan chiqishining oldini olishimiz, yakuniy bitimga kelishishimiz kerak”, - dedi u.
AQSh vitse-prezidenti Falastinga ham bormoqchi edi, ammo muxtoriyat rahbarlari uchrashuvdan bosh tortdi.
“Ular Iordaniya va Misr rahbarlarini ham Pens bilan uchrasmaslikka ko’ndirmoqchi bo’lishdi. Pens Quddus maqomini muzokara kun tartibidan chiqarib, shahar taqdirini hal etishni istilochi Isroilga topshirishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi Falastin ozodlik tashkilotidan Hanan Ashraviy.
Tramp Yaqin Sharq tinchlik bitimiga erishish tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalaridan ekanini aytib keladi, ammo Falastin bu masalada AQShga ortiq ishonmasligini bildirdi.
Tramp AQShning falastinliklarga moliyaviy yordamini kesish qarori bilan o’ziga bo’lgan ishonchsizlikni yanada kuchaytirdi.
Facebook Forum