AQSh tarixida vitse-prezidentlar turli darajada ta'sir kuchiga ega bo'lgan. Bu ko'proq ularning prezident bilan aloqasi qanday ekani bilan bog'liq. Donald Tramp prezidentligining ikkinchi yili boshlanar ekan, uning yordamchisi Vitse-prezident Mayk Pens faoliyatiga baho beramiz.
Bir qator xorij safarlarida, jumladan, yaqinda Afg'onistondagi AQSh askarlari bilan bo'lgan uchrashuvda Mayk Pens prezident vakili vazifasini bajardi.
Uning ishi ko'proq ramziy ma'noga ega, deydi tarixchi Joel Goldsteyn.
"Vitse-prezident Pens Oq uydagi qaror qabul qilish ishlariga jalb etilayotgandek, unga vazifalar berilyapti. Jamoatchilikka bergan fikrlarida esa prezidentga hamdu sanolar aytishdan bo'shamayapti", - deydi u.
Pens o'z ishidan mamnun.
Ayrim ma'muriyatlarda vitse-prezidentlarning ta'siri juda kam bo'lgan. Ba'zilari esa prezident hamkori bo'lgan.
"Jerald Fordning vitse-prezidenti Nelson Rokfeller bu vazifani hoziru-nozir qurol deb atagan. U doim prezidentning yonida, orqasida turgan. Prezidentning eng katta yordamchisi bo'lgan. Oq uyda ham ta'siri katta bo'lgan", - deydi yana bir tadqiqotchi.
Pens Jo Bayden yoki Al Gordek mashhur emas, lekin ta'siri o'syapti.
Prezident gaplarini tushuntirish ham uning vazifasi.
"Prezident bahsli bayonotlar qilganda, masalan, NATOning mudofaa shartlariga sodiqlik yoki Venesuela masalasini qanday hal qilish haqida gapirganda, vitse-prezident aralashib, gap-so'zlarni bostirish vazifasini bajardi", - deydi tarixchi Goldsteyn.
Pens AQShning NATOga sadoqatini, Venesuela muammosi diplomatik yo'l bilan hal qilinishini ta'kidladi.
Yosh qizlarga tegajog'lik qilgani haqida gap-so'zlar chiqqan alabamalik Roy Murning senatorlikka nomzodini Tramp yoqlaganda, Pens ayblovlarni jiddiy qabul qilib, uni qo'llab-quvvatlamadi.
Trampdan farqli o'laroq, Pens katta siyosiy tajribaga ega. 12 yil senatorlik, to'rt yil gubernatorlik qilgan.
"Pensga Kapitoliy yaxshi tanish. Respublikachi yetakchilar unga ishonadi", - deydi Janubiy Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi.
Texasdagi tabiiy ofat qurbonlari bilan uchrashish, Argentina va Avstraliyaga safar qilish orqali Pens endi ko'proq prezident vakili vazifasiga o'tmoqda
"U prezidentni qo'llab-quvvatlash, ayni paytda o'z saylovchilarini norozi qilmaslik, bundan tashqari, prezident tez-tez qilib turadigan bahsli gap-so'zlardan o'zini ehtiyot qilish kabi nozik vazifalar o'rtasida muvozanat saqlashga urinmoqda", - deydi Goldsteyn.
Tahlilchilarga ko'ra, hozircha u bu muvozanatni muvaffaqiyatli uddalamoqda.
Facebook Forum