AQSh Markaziy razvedkasi boshqarmasi sobiq direktori, AQShning Afg’onistondagi kuchlari sobiq qo’mondoni Deyvid Petreus saylangan Prezident Donald Tramp ma’muriyatida mas’ul lavozimlardan biriga tayinlanishi mumkin. Petreus “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Tramp bilan yaqinda o’tgan uchrashuvi mazmunli kechganini, davlat kotibi lavozimiga tadbirkor Reks Tillersonning tayinlanganini olqishlashini aytdi.
Unga ko’ra, ikki arbob Trampning saylov kampaniyasi paytida ko’tarilgan masalalar va ularni amalga oshirish uchun zarur siyosat haqida gaplashgan.
Petreus ham davlat kotibi lavozimiga da’vogarlardan biri edi, ammo Tramp EksonMobil gaz va neft kompaniyasidan yaqinda ketgan Tillersonni loyiq deb topdi.
Iste’fodagi general Markaziy razvedka boshqarmasi rahbarligidan to’rt yil oldin ketgan. Shunga qaramay, Petreus Kongress a’zolari, harbiy rahbarlar bilan muloqotda ekanini aytadi.
Uning nazarida, “Islomiy davlat” terrorchilarini yengish uchun keng qamrovli kampaniya olib borish kerak. Nafaqat terrorchilarni jismonan yo’q qilish, balki g’oyasi, mafkurasiga ham tag-tugi bilan barham berish kerak, deydi u.
Iroqning Musul shahrida jangarilarga qarshi kechayotgan amaliyot haqida gapirar ekan, Petreus davomiy yutuqqa erishish uchun viloyat hukumati ozchilikdagi barcha etnik guruhlarni o’z himoyasiga olishi kerak, deb hisoblaydi. Etnik, siyosiy, diniy xilma-xil viloyat tinchligini faqat shu yo’l bilan saqlab turish mumkin, deydi u.
Musul Nineviya viloyatiga kiradi.
Kurdlar masalasida Petreus Iroqning yaxlit davlat bo’lishi tarafdori, biroq bu elat vakillariga kengroq muxtoriyat berish zarur, deydi.
“Kelajakda Kurdiston mustaqil davlat bo’lar balki, ammo hozir iqtisodiy taraqqiyot bobida Iroqning boshqa viloyatlarida ishlab chiqarilayotgan neft savdosidan tushayotgan daromadga ehtiyoji bor”, - deydi general.