Breaking News

Filippinga AQSh harbiylari qaytmoqda


Filippin harbiy kemasi
Filippin harbiy kemasi

Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi ayrim orollarni o’zlashtirib, u yerda qurilishlarni olib borar ekan, bu orollarga da’vo qilayotgan Filippin qurolli kuchlari tayyorgarligini oshirishga harakat qilmoqda. Manila Xitoy bilan to’qnashuv ehtimolidan xavotirda.

Nikolas Ellis baliqchilar yashovchi Baxile shahridagi sokin hayotidan mamnun. Yillar davomida baliqchilarning qayiqlari Ulugan ko’rfazida joylashgan harbiy-dengiz stansiyasining yonidan bemalol o’tib yurardi. Ammo so’nggi bir-ikki yildan beri bu oson bo’lmay qoldi.

Filippinning Janubiy Xitoy dengizidagi sohillarini qo’riqlayotgan ikki harbiy kemasi shu atrofda turadi. Qayiqlar ularning yonidan o’tolmaydi, deydi Ellis.

“Ular aslida bizni o’tkazib yuborishi kerak. Ba’zan qayiqlarimizga projektorlarini qaratib qo’yishadi, xuddi biz yomon odamlardek”, - deydi u.

Yaqin kelajakda hududda harbiylar va kemalar soni oshishi kutilmoqda. Filippin AQShdan kattaroq kemalar sotib olmoqchi. Qo’shma Shtatlar bilan imzolangan mudofaa hamkorligiga doir bitimga ko’ra, mahalliy bazalarga amerikalik harbiylar ham endi kelib turadi.

Bu yerdan 900 kilometr naridagi Subik buxtasida ham harbiylar ko’payadi. Salkam bir asr davomida AQShning yirik harbiy-dengiz bazasi joylashgan bu joy hozir tez sur’atlarda rivojlanayotgan xalqaro port. Amerikaning suvusti va suvosti kemalari bu joyda tez-tez to’xtab turadi.

Subik ko’rfazi ma’muriyati rahbari Roberto Garsiyaning aytishicha, AQSh kemalari har safar buxtaga kirib, qolganida mahalliy iqtisodiyot yarim milliard dollargacha pul ishlab oladi.

Unga ko’ra, mahalliy aeroport harbiy samolyotlarni qabul qila boshlaydi.

“Ijara haqqini ko’proq so’rasam ham bo’lardi aslida, ammo mamlakatimiz xavfsizligi men uchun muhimroq”, - deydi rais.

Baliqchi Nikolas Ellis esa katta kemalar va xorijiy qo’shinlar keltiradigan puldan Baxiledagi tinch hayotim afzalroq, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG