Breaking News

Filippin Janubiy Xitoy dengizi mojarosida AQSh yordamidan umidvor


Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi orollarning 90 foizi o'ziga tegishli ekanini da'vo qiladi.
Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi orollarning 90 foizi o'ziga tegishli ekanini da'vo qiladi.
Janubiy Xitoy dengizida hudud talashayotgan Filippin va Xitoy o’rtasida ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda. Bu orada Manila Vashingtondan harbiy dastak olishga zo’r bermoqda. O’tgan hafta AQSh rasmiylari Manilada bo’lib, mamlakatning mudofaa va dengiz kuchlari salohiyatini oshirishga qaratilgan muzokaralar olib bordi.

Filippinning Xitoy talablariga qarshiligi hozir har doimgidan ham kuchli. Bu AQSh e’tibori Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga ko’chayotgan bir pallaga to’g’ri kelmoqda.

Rasmiy Manila AQSh harbiylarining hududga tez-tez tashrif buyurayotganidan mamnun. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi mulozimi Karlos Sorretaning aytishicha, AQShning bu yerda bo’lishi territorial bahsda Filippin uchun qo’shimcha yordam bo’ladi.

“AQSh hududda bo’layotgan ishlarga befarq emasligini ko’rsatyapti. Natijada mintaqadagi har bir davlat o’zboshimchalik qilmasdan, qonun doirasida ish qiladi”, - deydi Filippin rasmiysi.

Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga Filippin, Vyetnam, Tayvan, Malayziya va Bruney da’vogarlik qiladi. Xitoy esa, qadimiy xaritalarga asoslanib, bu hududning 90 foizi o’ziga qarashli ekanini aytadi. Pekin masalani da’vogar tomonlarning ichki ishi ekanini aytib, AQSh kabi chet kuchlarning aralashishiga qarshi.

Filippin esa muzokaralarda AQShning ham qatnashishini ijobiy hol sifatida ko’radi.

Harbiy hamkorlik doirasida Manilaga tashrif buyurgan AQSh Tinch okeani kuchlari qo’mondoni, admiral Samuel Loklerning aytishicha, Vashington bu munozaralarda neytral. Tomonlar masalaga tinch yo’l bilan yechim topishi kerak, deydi u.

“Filippin masala yuzasidan AQShning qanday mavqeda ekanini biladi. Biz ham mavzu atrofidagi munozaralar Filippin xavfsizligi uchun muammo tug’dirishi mumkinligini tushunamiz. Shuning uchun ochiq muloqot olib boryapmiz”, - deydi AQSh harbiy kuchlari qo’mondoni.

So’nggi 10 yil davomida Xitoyning harbiy byudjeti muntazam o’sib bordi. Ayrimlar nazarida, AQShning Osiyoga e’tiborni kuchaytirgani shu bilan bog’liq.

Singapurdagi Janubi-sharqiy Osiyo masalalari instituti tadqiqotchisi Ayan Stori nazarida, AQSh kemalari Filippinga tez-tez qatnab, bu hududning o’zi uchun muhim ekanini Xitoyga ko’rsatib qo’ymoqchi.

“AQSh Filippinga yordam ko’rsatishda davom etadi. Da’vogarlar orasida Filippin eng zaif davlat”, - deydi tadqiqotchi.

Admiral Loklerga ko’ra esa, AQSh yordami, asosan, gumanitar va inqiroz oqibatlarini bartaraf etish sohalarida bo’ladi.

“Bizning ko’magimiz Filippinda amaliyotlarni tezkor o’tkazish, axborot uzatish va to’plash imkoniyatlarini yaxshilash yo’nalishlariga qaratiladi”, - deydi rasmiy.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro munosabatlar markazi tadqiqotchisi Karl Beyker fikricha, iqtisodiy vaziyat og’ir bo’lgan hozirgi sharoitda AQSh Tinch okeani mintaqasida yangi mojarolarga aralashmagani ma’qul. Buning o’rniga Vashington iqtisodiy munosabatlarga ko’proq urg’u bersa yaxshi bo’lardi, deydi u.

“AQSh mintaqada faqat xavfsizlik kafolatchisi degan vazifani bajarmasligi kerak. Janubi-sharqiy Osiyoda iqtisodiyot ancha barqaror. Vashington shundan unumli foydalanib, o’z iqtisodiyoti uchun ham manfaatli bo’lgan aloqalarni o’rnatishi mumkin”, - deydi Beyker.

Ammo Filippin faqat AQSh yordamigagina tayanib qolmoqchi emas. Hududning yana bir baquvvat davtlati Yaponiyada siyosatdonlar mamlakatning tinchlikparvar harbiy siyosatini o’zgartirish haqida bosh qotirmoqda. Manila bu harakatni olqishlab, Tokioning faol harbiy siyosat olib borishi hududda muvozanat tiklanishiga hissa qo’shadi, demoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG