Amerikalik shifokorlar og’ir aritmiya natijasida o’lim to’shagida yotgan bir bemorga dunyoda ilk bor genetik jihatdan o’zgartirilgan cho’chqaning yuragini qo’ygan. Amaliyotdan 3 kun o’tib, 57 yashar bemor o’zini yaxshi his qilayotgani aytilmoqda, biroq xursand bo’lishga hozircha erta, uzoq muddatli kuzatuvlar xulosasini kutish kerak.
Yurak transplantatsiyasining bunday usuli Merilend universiteti kasalxonasida amalga oshirildi. Amaliyot 7 soat davom etgan. Mutaxassislar cho’chqaning 10 ta genini o’zgartirgani aytilmoqda.
“Bunday operatsiyani insonda oldin qilmaganmiz. Bu odamga yaxshiroq kelajak uchun imkoniyat berdik degan umiddaman. Biroq kelajak qancha davom etishini bilmayman – 1 kunmi, 1 haftami, 1 oy yoki 1 yilmi”, - deydi amaliyotga bosh bo'lgan jarroh Barti Griffit.
Bemor hushiga kelib, mutaxassislar bilan muloqot qilayotgani, organizmi yangi yurakni rad etmayotgani aytilmoqda.
“Odatda hayvonlar organi transplantatsiyasi paytida kuzatiladigan o’ta o’tkir rad etish fazasidan o’tib oldik. Biroq oldinda yurakka hali ko’p hujumlar bo’ladi. Organizmimizni himoya qilayotgan turli askarlar, immunitet tizimining turli elementlari cho’chqa yuragini yo’q qilishga harakat qiladi. Buning oldini olish uchun maxsus muolaja ishlab chiqqanmiz”, - deydi shifokor.
Agar amaliyot muvaffaqiyatli o’tsa, donorlardan bebahra bo’lgan bemorlar hayotini saqlab qolish uchun imkoniyat tug’iladi.
AQShda ayni damda 11 ming odam yurak transplantatsiyasiga navbatda turarkan, har yili navbati yetmagan 6000 dan ortiq odam vafot etadi.
Facebook Forum