Yaqinda Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida bir odam sinagogaga ibodat paytida bostirib kirib, 11 kishini otib tashlagan edi. Guvohlarga ko’ra, 46 yoshli Deyvid Bauers yahudiylardan nafratlanishi haqida hayqirgan. Bu fojia ketidan Pitsburg din ahli yanada jipslashmoqda.
“Eshitib, yuragimiz qon bo’ldi, ishonmadik. Nima qilish kerak, deb odamlarga qo’ng’iroq qila boshladik. Ma’lumot to’pladik”, - deydi Vasi Muhammad, Pitsburg islomiy markazi ijrochi direktori.
Otishma ro’y bergan kun uning telefoni tinmay jiringladi.
“Musulmon jamoasi nima yordam beradi oladi, degan qo’ng’iroqlar bo’ldi, ko’plab sms xabarlar keldi. Pul jamg’arishga qaror qildik”, - deydi u.
Bir necha soat o’tmasdan qurbonlar oilasiga dafn marosimlarini o’tkazishga ko’maklashish kampaniyasi boshlanib ketdi. 25 ming dollar yig’ish mo’ljallangan edi, bir necha kun ichida 235 ming dollar jamg’arildi.
Mahalliy aholi Pitsburg ahli bir jamoa ekanini, bir-biriga qayg’urishini aytadi.
“Hech kutmagan edik shuncha pul tushishini. Boshqa e’tiqod vakillari - katolik birodarlarimiz, yahudiy opa-singillarimiz, nasroniylar bilan aloqalarimiz doimo yaxshi bo’lgan”, - deydi Mizanur Bisvas, islomiy markaz kengashi raisi.
“Oldindan do’stlik rishtalariga egamiz. Shuning uchun bu ishni darrov tashkillashtira oldik”, - deydi suhbatdoshlar.
Pitsburg politsiya boshlig’iga ko’ra, bu yerda jamoa doim birdam bo’lgan.
“Shahrimiz yutuqlarini, sport tadbirlarini birga nishonlaymiz. Fojia ro’y berganda ham bir-birimizga malham bo’lamiz, yordam beramiz”, - deydi Skott Shubert.
Islomiy markaz imomi Amro Elasvali ham shu fikrda:
“Boshimizga kulfat tushganida, ular ham bizni qo’llab-quvvatlashadi. Shahrimizdagi barcha diniy jamoalar bilan ajoyib munosabatlar qurganmiz. Aloqalarimizni mustahkamlash uchun yanada yaqinroq ishlaymiz”.
Restoran egasi Shon Keysi bu dashatli voqea bizni jipslashtiradi, deydi.
“O’tgan kunlar ichida jamoamiz qanchalik birlashganini ko’rib turibmiz. Katoliklar xotira marosimi o’tkazishdi, sinagogada mehmon bo’lishdi. Hamdardlik bildirayotganlar turli din va irq vakillari. Islomiy jamoa ham yordam taklif qildi, yo’l-yo’riq ko’rsatyapti, chunki ba’zilar hatto do’konga chiqishga qo’rqib qolgan”.
“Pitsburg nafratdan ustun turadi, biz kuchliroqmiz. Bu fojianing ijobiy tarafi ham shu. Bizni, qadriyatlarimizni barbod qilishlariga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi shahar politsiya boshlig'i Skott Shubert.
Facebook Forum