Breaking News

YUNISEF zotiljamga qarshi kurashda bolalarni baravar emlashga chaqirmoqda


Bugun Jahonda zotiljamga qarshi kurash kuni. Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo davlatlarini bolalar orasida bu kasallikdan nobud bo’lish hollarini kamaytirish uchun zarur choralar ko’rishga chaqirmoqda. Buning uchun yetarli mablag’ va imkoniyat bor, deyiladi BMT bayonotida.

Zotiljam yoki pnevmoniyadan boshqa kasalliklarga qaraganda dunyo bo’ylab eng ko’p bola o’ladi. YUNISEF hisobotiga ko’ra, zotiljam har 25 sekundda bir bola hayotini oladi. Bir kunda 3400, bir yilda esa 1,3 million bola undan nobud bo’ladi. Agar hisob-kitob qiladigan bo’lsak, o’tgan yili jahon bo’ylab nobud bo’lgan 6,9 million bolaning 18 foizini zotiljam o’ldirgan.

Har bir kasallik kabi, zotiljamning asosiy qurbonlari qashshoq oiladan chiqqan go’daklardir. Bunday oilalarda muolaja va dorilar uchun pul yo’q. YUNISEF vakili Mariksi Merkadoning aytishicha, jahonda bu darddan o’layotgan barcha bolalarning 90 foizi Afrikadan.

"Zotiljamning oldini osonlikcha olsa bo’ladi va hatto, davolash ham qiyin emas. Agar kambag’al xonadonlarda imkoniyat bo’lganida edi, millionlab bolalarning hayotini saqlab qolsa bo’lar edi", - deydi mutaxassis.

Pnevmoniya nafas olish yo’llarining yallig’lanishi bo’lib, qizamiq va ko’kyo’tal kabi yuqumli kasalliklar oqibatida vujudga keladi. Bularning oldini olish uchun jahondagi bolalarning 85 foizi emlanadi, ammo qashshoq oilalarga vaksinalar yetib bormaydi yoki ularni sotib olish uchun mablag’ yo’q. YUNISEF davlatlarni barcha bolalarni birday emlash dasturini qabul qilishga chaqirmoqda.

Tashkilot vakilining aytishicha, rivojlangan davlatlarda zotiljamga yo’liqqan bolalarning uchdan bir qismigagina antibiotiklar yetib borgan.

"Agar amoksitsillin kabi antibiotiklar hammaga birday tarqatilganida edi, 1,5 milliondan ziyod bolaning hayotini saqlab qolish mumkin bo’lardi. Amoksitsillinning muolajaga kifoya dozasi atigi besh sent turadi", - deydi Mariksi Merkado.

Qashshoq davlatlardagi bolalarning bu kasalikka chalinishi osonroq, chunki ular isinish yoki taom pishirish uchun o’tin va ko’mir yoqadi, zaharlangan havoda ko’p nafas oladi. Tiqilinch xonadonlarda ham bolalarning zotiljamga chalinish ehtimoli baland.

Vaksina va antibiotiklardan tashqari, deydi sog’liqni saqlash mutasaddilari, toza ichimlik suvi, ozodalik, xonani muntazam ravishda shamollatish, go’dakni emizish kabilar ham kasallikning oldini olishda katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, mutaxassislarga ko’ra, qo’lni muntazam ravishda sovun bilan yuvish zotiljamga chalinish ehtimolini 23 foizga kamaytiradi. Ammo qashshoq va rivojlanayotgan davlatlarda bunga yetarlicha e’tibor qaratilmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG