Breaking News

Belarus-Polsha chegarasidagi taranglik Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumiga tayyorgarlikdan chalg'itishmi?


Belarusdagi qo’lbola lagerni tark etgan 2 ming migrant bugun Polsha-Belarus chegarasidagi o’tish joyiga ko’chgan. Polsha Mudofaa vazirligi videotasvirlaridan ko’rinishicha, odamlar zax yerda o’tiribdi.

Xalqaro hayot - 15-noyabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:45 0:00

Polsha chegaraga qo’shinlari va politsiya kuchlarini tortmoqda.

Belarusni migratsiya inqirozini sun’iy ravishda keltirib chiqarganlikda ayblayotgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari majlisida Minskka qarshi yangi sanksiyalarga kelishib oldi. Tafsilotlari hozircha ma’lum emas.

Xususan, Belarusga migrantlarni ommaviy ravishda yetkazayotgan aviakompaniyalar va sayyohlik agentlariga qarshi jazo choralari qo’llanadi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo’yicha oliy vakili Jozep Borrelning aytishicha, migrantlarni Belarusga keltirgan reyslar ayni paytda to’xtagan. Litvaga ko’ra, ayrim migrantlar Minskka Moskva orqali bormoqda.

Rossiyaning “Aeroflot” va Belarusning “Belavia” aviakompaniyalari sanksiyalarga uchrashi mumkin. “Turk havo yo’llari” Belarusga Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlari fuqarolarini tashishni to’xtatganini bildirdi. Birlashgan Arab Amirliklarining “flydubai” kompaniyasi Minskka hujjatsiz, noqonuniy yo’lovchilarni tashimaganini ma’lum qildi.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi mojaroga Rossiyani aralashtirish uchun vaziyatni ataylab keskinlashtirmoqda.

"Sanksiyalar bilan bizni qo’rqitishyapti. Mayli, ko’ramiz. Ular meni hazillashyapti deb o’ylashyapti. Aslo! O’zimizni himoya qilamiz. Ortga chekinish yo’q”, - dedi u.

Lukashenkoga ko’ra, Belarus rasmiylari migrantlarni uylariga qaytishga ko’ndirishga urinmoqda.

"Yevropa Ittifoqi hududiga o’tolmaganlarni samolyotga o’tqizib, uyiga jo’natishga tayyormiz. Ammo ular o’ta o’jar ekan. Hech kim qaytishni istamayapti. Qaytishga makoni yo’q”, - deydi u.

Polsha chegarachilari chegaradan minglab noqonuniy o’tish holatlari haqida ma’lum qildi.

Polsha Mudofaa vazirligi chegarani himoya qilishini bildirar ekan, belarus chegarachilari o’rmonlar orqali chegaraga qo’shimcha migrantlarni tashiyotganini ma’lum qildi.

Lukashenko va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, odamlar G’arbning Yaqin Sharq va duynoning boshqa chekkalarida qo’zg’atgan urushlari va urush oqibatida yuzaga kelgan nochorlikdan qochmoqda.

Chegarada havo 0 daraja atrofida ekan, kamida 8 migrantning nobud bo’lgani ma’lum. Ulardan biri 25 yashar iroqlik bo’lib, G’aylar Diler Ismoil ismli kurd o’tgan oy Belarus o’rmonida sovuqdan va ochlikdan o’lgani ma’lum, bugun esa uning jasadi Irbilda dafn etildi.

O’lganlardan yana biri ham iroqlik kurd bo’lib, uning insultdan jon bergani aytilmoqda.

Kreml Belarus va Yevropa Ittifoqi o’rtasida yuzaga kelgan taranglikka barham berish uchun vositachi bo’lishga tayyor ekanini bildirdi. Ukraina Rossiyani Belarusning bunday gibrid urushiga sherikligini aytarkan, Rossiya Polsha chegarasidagi notinchlikdan foydalanib, Ukrainaga qo’shin tortmoqchi ekanini da’vo qilmoqda.

AQSh Davlat departamenti ham Belarus chegarasidagi vaziyat Rossiyaning Ukraina chegarasidagi harakatlaridan chalg’itishga qaratilgan xiyla ekanini bildirdi.

So’nggi paytda G’arb davlatlarida Rossiya Ukrainani bosib olishga hozirlik ko’rayotgani haqida ko’p gapirilmoqda.

Rossiya bunday da’volarni inkor etarkan, AQSh va uning NATOdagi itifoqchilarini Qora dengizda qator provokatsion harakatlarda aybladi. Xususan, Kremlga ko’ra, josus samolyotlar, strategik bombardirovkachi samolyotlar parvozi, AQShning ikkita jangovar kemasi vaziyatni taranglashtirmoqda.

AQShga ko’ra, Rossiya Boltiq bo’yi davlatlariga ham hujum hozirlamoqda.

Ukraina Rossiyani chegarada 100 mingga yaqin qo’shin to’plaganlikda ayblamoqda. Bunga javoban Kreml askarlarni mamlakat doirasida qayerga yuborish uning ishi ekanini ma’lum qildi.

"Rossiya hech kimga tahdid emas”, - dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Kreml AQShning Qora dengizdagi harbiy kemalarining harakatlanishini agressiv deb atadi va Vashingtonni mintaqada urush boshlashdan oldin uni o’rganayotganlikda aybladi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, G’arb davlatlari Ukrainaga qarshi hujumga jim qarab turmaydi.

Putin Mudofaa vazirligining NATO harakatlariga javoban Qora dengizda harbiy mashqlar o’tkazish taklifini rad etganini aytdi.

"AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari Qora dengiz suvlarida rejalanmagan, qaytarib aytaman, rejalanmagan mashg’ulotlar o’tkazmoqda va bu biz uchun jiddiy xavfdir”, - dedi Putin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG