Breaking News

Amerikaliklar: Politsiya harbiy kuchga aylanmasin


Missuri shtatining Ferguson shaharchasida, 13-avgust, 2014. Politsiyaga qarshi bosh ko'targan ommaga qarshi maxsus kuchlar safarbar etildi.
Missuri shtatining Ferguson shaharchasida, 13-avgust, 2014. Politsiyaga qarshi bosh ko'targan ommaga qarshi maxsus kuchlar safarbar etildi.

Oshkoralik Amerikada oliy talab, ammo federal hukumat ommani keng ko’lamda boxabar qilmagan holda, politsiyani katta miqdorda qurol-aslaha bilan ta’minlagan. Milliardlab dollarga teng vositalar uzatilgan. Politsiyachilar harbiylar uchun mo’ljallangan taktik treninglardan o’tgan.

Amerikaliklar: Politsiya harbiy kuchga aylanmasin, Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:59 0:00
Yuklab oling

Sabab, deydi rasmiylar, terrorizm va qoradori savdosiga nisbatan effektiv kurash olib borish. O’tgan 20 yil ichida jinoyat ko’lami ancha pasaygan. Lekin politsiya ham haddan tashqari kuchli qurollangan.

AQSh mudofaa tizimidagi ortiqchi vositalar mahalliy huquq-tartibot tizimlariga uzatilishi maxsus programma orqali amalga oshiriladi.

9-avgust kuni Missuri shtatining Ferguson shaharchasida 18 yoshli qora tanli yigit Maykl Braunni otib o’ldirgan politsiyachi Darren Uilson ham federal hukumat tomonidan yaxshi ta’minlangan boshqarma vakili bo’lgan.

Ko’plab amerikaliklar nazarida politsiya har tomonlama zamonaviy bo’lishi kerak va jamoat tinchligini saqlash uchun zarur aslahaga ega bo’lishi shart.

1995-yilda, Bill Klinton prezidentligi paytida, Amerika bo’ylab jinoyatni kamaytirish maqsadida Kongress Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligiga mahalliy politsiyaga qurol berishga ruxsat bergan.

O’tgan 19 yil davomida bu programma asosida 17 mingdan oshiq huquq-tartibot organiga 5,1 milliard dollarga teng miqdorda turli xildagi vositalar, qurol-yarog’ va material uzatilgan. Ularga harbiy turdagi mashinalar ham kiradi.

Inson huquqlari himoyasi bilan mashg’ul tashkilotlar hukumatdan politsiyaga qattiq shartlar qo’yishni, bu qurol-aslaha maxsus ruxsat bilangina, favqulodda hollarda ishlatilishini ta’minlashni so’rab keladi.

Kongress tasdiqlagan hujjatga ko’ra, politsiya harbiylashishiga yo’l qo’yilmaydi. Qurol jinoyatning oldini olish uchun yoki jinoyatchilarga qarshi qo’llanishi belgilangan. Politsiya tomonidan har bir qurolli harakat tekshirilishi va tergov natijalari oshkor etilishi shart.

2001-yildan keyin Ichki xavfsizlik bo’yicha yangi vazirlik tuzildi. Mahalliy huquq-tartibot tizimlari faoliyatini nazorat qiluvchi bu organ terrorizmga qarshi kurash yo’lida yangi loyihalar boshladi. Ular doirasida politsiya qo’lidagi qurol-aslaha va texnika ancha yangilandi.

Missurida politsiyani qoralab minglab amerikaliklar ko’chaga chiqqanida ularni to’xtatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llandi. Do’konlarga bostirib kirgan, mashinalarga o’t qo’ygan odamlarni ushlash maqsadida va tartibbuzarlikning oldini olish uchun harbiy texnika safarbar etildi.

AQSh Adliya vazirligi Erik Xolder politsiya harbiy vositalarni ishlatmasligi kerak edi, deydi.

Namoyishchilar va politsiya orasidagi to’rt kunlik to’qnashuv urush maydonini eslatdi, deya afsus bildiradi vazir. Mahalliy politsiya boshqarmasi esa tartibni tiklash uchun zarur choralar ko’rilganini aytadi.

​Ko’chalarda zirhli mashinalar yurgani, odamlarning politsiya bilan olishayotgani, qurolli tahdid hozirgi zamon va jamiyatga yarashmaydigan manzara, deydi kuzatuvchilar.

Voqealar internetda, dunyo bo’ylab, muhokamada. Politsiya zo’ravon kuch, namoyishchilar esa begunoh fuqarolar sifatida talqin qilinmoqda.

Missuri shtati gubernatori Jey Nikson bu sharmandalik deydi.

Shtatdan saylangan senator Kleyr Makkaskil fikricha, politsiya va xalq orasidagi ishonchni tiklash eng muhim vazifa. “Amerikaliklar huquq-tartibot organlariga ishonishi kerak. Jamiat shunday asoslangan”,- deydi u.

Ferguson shaharchasi politsiya boshlig’i Tomas Jekson zobitlar kuch ishlatishga majbur bo’ldi, chunki olomon do’konlarni vayron qildi, bizneslarga o’t qo’ydi, deydi. Politsiyaning vazifasi - tinchlikni ta’minlash, jinoyatga qarshi chora ko’rish, deya ta’kidlaydi u.

“Portlovchi moddalar otilmoqda, mulk yer bilan yakson qilinayapti, fuqarolar qo’lida qurol… Biz nega qarab turishimiz kerak?”- deya so’raydi Jekson.

Qora tanli yigitni o’tib o’ldirgan politsiyachi esa qilmishi uchun javob beradi. Federal tergov ishi davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG