Breaking News

AQShda matbuot va politsiya o’rtasida ziddiyatlar


Isroil va XAMAS o’rtasidagi ixtilof AQShda politsiya va muxbirlar orasida to’qnashuvlarga olib keldi. Jurnalistlar politsiyani o’z vazifalarini bajarishga to’siq qo’yayotganlikda ayblamoqda.

Yaqinda Kaliforniyaning Sakramento shahrida to’rt politsiyachi shahar kengashi majlisini yoritayotgan bir jurnalistni hibsga oldi.

“Masalaning eng yomon tarafi shuki, menga bunday muomala qilganlar bizni himoya qilishi kerak bo’lgan odamlardir. Politsiya mahkamasi qonunni himoya qilishi kerak. Ammo aslida ular qonunni buzdi”, - deydi “Sacramento Bee” kundalik gazetasining muxbiri Robin Epli.

Politsiya jurnalistni shaharning yangi akkreditatsiya kartasini taqmaganlikda ayblamoqda. Biroq Epli va boshqa jurnalistlarga ko’ra, politsiya Kaliforniya shtatining namoyishlarni yoritayotgan muxbirlarni himoya qilish haqidagi 2021-yil qonunini buzgan.

2020-yilda Jorj Floyd ismli qora tanli bir odam politsiyachi tomonidan o’ldirilganidan so’ng shtat senatori Mayk Makgvayr ushbu qonunga mualliflik qilgan. Unga ko’ra, politsiya o’shanda voqeani yoritayotgan matbuot xodimlariga hujum qilib, hibsga olgan.

“Ko’p hollarda jurnalistlar o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, xabarlarni bizga yetkazib turadi. Biz qabul qilgan qonun butun Amerika bo’ylab jurnalistlarni himoya qiluvchi eng kuchli qonundir”, - deydi senator.

Jorj Floydning o’limi ketidan Minnesota, Los-Anjeles, Nyu-York hamda boshqa shtat va shaharlarda politsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar joriy etildi.

Shunga qaramay, politsiya va matbuot o’rtasida ziddiyatlar yo’qolgani yo’q.

Matbuot erkinligini kuzatuvchi guruh ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yil oktabridan beri Isroil-XAMAS ixtilofini yorituvchi 36 ta jurnalist ushlangan yoki hibsga olingan.

“Konstitutsion huquqlarimiz, inson huquqlarimiz, Birinchi tuzatish, so’z va matbuot erkinligi tahdid ostida. Huquq-tartibot organlari esa bunga jiddiy qaramaydi”, - deydi jurnalist Jon Farina.

U tasvirga tushirgan videoda Nyu-Yorkda politsiyachining Kolumbiya universitetida talabalar namoyishlarini yoritgan bir muxbirni yiqitib hibsga olganini ko’rsa bo’ladi.

Nyu-York politsiya boshqarmasi yaqinda 2020-yil namoyishlarida politsiya tajovuziga uchraganini da’vo qilgan bir guruh jurnalistlar va namoyishchilarga sudda yutqazib, 10 million dollar to’lashga majbur bo’ldi.

“Biz nafaqat pul undirishga muvaffaq bo’ldik, balki politsiyani siyosatini, jurnalistlarga muomala qilish qoidalarini o’zgartirishga majburladik”, - deydi Milliy matbuot fotosuratchilari uyushmasidan Mikki Osterrayxer.

YUNESKO tashkilotiga ko’ra, norozilik namoyishlarini yoritish dunyoning boshqa nuqtalarida ham jurnalistlar uchun xavfli vazifadir va politsiyadan ularni himoya qilish talab qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG