Breaking News

Amerikalik siyosiy konsultantlar nafaqat AQSh, balki xorijda ham faol


Saylov kampaniyasining siyosiy strateglari ushbu jarayonda muhim rol o’ynaydi. Siyosatchilarning u yoki bu lavozimni qo’lga kiritishida yoki prezidentlarning saylanishida strateglarning hissasi beqiyos. Saylov kampaniyasiga jalb etilmaganda ularning ba’zilari nomzodlarga maslahatchilik qiladi, boshqalari esa xorijiy davlatlar bilan ishlaydi. Amerikalik siyosiy konsultantlarning xorijda bozori nega chaqqon?

Nomzodlar ishtirokidagi namoyishlar, uyma-uy yurib saylovchilar bilan muloqot, siyosiy reklamalar - saylov kampaniyasi yirik sport musobaqasiga o’xshash jarayondir.

“Ko’plab odamlar Amerika saylovlarini Superbol yoki futbol bo’yicha Jahon chempionatiga o’xshatadi, chunki unga ko’p pul sarflanadi”, - deydi siyosiy konsultant Jiore Kreg.

Siyosiy kampaniyaga sarflanayotgan pul miqdori va turli darajdagi saylovlar kampaniyani strategiyalashtirishni o’ziga yarasha kasbga aylantirdi.

Sobiq strateg Bob Shram AQSh va xorijdagi saylov kampaniyalarida ishlagan.

“Bizdagi kampaniya uzluksiz bo’lib, u bilan shug’ullanuvchi odamlar haqiqiy professionallardir – doim shu bilan shug’ullanib yurishadi”, - deydi u.

Shramning aytishicha, xorijdagi siyosatchilar kampaniya o‘tkazishda ancha ilg’or Amerikadagi tajribali strateglarni jalb qilishga intiladi.

Xalqaro siyosiy konsultantlik biznesi 1990-yillar boshida Berlin devori va Sovet Ittifoqining qulashi ketidan boshlangan, deydi siyosiy konsultant Riva Levinson.

“Amerikalik siyosiy maslahatchilar Lotin Amerikasi, sobiq Sovet Ittifoqi, Afrika kabi joylarda ishlay boshladi va bu hududlardagi mamlakatlarni biz kabi demokratik bo’lishiga yordam berdi”, - deydi "KRL International" kompaniyasi prezidenti.

Shram AQSh, Britaniya, Isroil, Kolumbiya kabi mamlakatlarda siyosatchilar bilan ishlagan. Madaniy jihatdan ko’p mamlakatlar bir-biridan farq qilsa-da, saylovchiga gapni to’g’ri yekaza bilish har bir kampaniyada muhimdir, deydi u.

“Ilk bor Kolumbiyada ishlaganimizda keng tarqalgan reklama shundan iborat ediki, nomzod 30 soniya davomida ko’p sonli tarafdorlari oldida turar, ular esa uni olqishlar edi. Biz reklama uslubini o’zgartirib, nomzodlarga odamlar bilan birma-bir ko'rishib, ularga o’z rejalari haqida gapirib berishni taklif etdik", - deydi Shram.

Riva Levinson 30 yildan oshiq vaqt mobaynida Afrikaning turli mamlakatlarida konsultantlik qilgan. Ulardan biri Liberiya bo’lib, Levinsonning mijozi bo’lgan Ellen Jonson-Serlif 2005-yilda Afrikada demokratik yo’l bilan prezidentlikka saylangan ilk ayol bo’ldi.

Bugunga kelib ko’plab mamlakatlar siyosiy kampaniya o’tkazish san’atini ancha yaxshi o’zlashtirib olgan, shu sabab xalqaro strateglar o’z ustida hamisha ishlashi lozim.

“Saylov kampaniyasining asoslari bilan endi mijoz orttirib bo’lmaydi. Ularda yo’q narsalarni, qimmatli maslahatlarni taklif etish kerak”, - deydi Levinson.

Uning aytishicha, korrupsiya va do’q-po’pisalar mavjud saylov jarayonida halollikni ta’minlash muhim.

Internet va ijtimoiy sahifalar rivojlanib, Jiore Kreg kabi raqamli maslahatchilarga talab oshdi.

“Osiyoning ayrim mamlakatlarida aholining 100 foizi ijtimoiy sahifalarda o’tiradi. Raqamlarni kuzatib borish, strategiyani shunga qarab moslashtirish zarur”, - deydi mutaxassis.

Kreg Janubi-sharqiy Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Sharqiy Yevropada raqamli konsultantlik qilgan. U internetdagi statistikani saylov kampaniyasi uchun muhim ma’lumotga o’giradi, yolg’on ma’lumotlarni fosh etishda yordam beradi.

“Internet yoki ijtimoiy sahifalardagi qaysi hujumlarga e’tibor berish keragu, qaysilariga ko’z yumish kerakligi haqida maslahat berib turaman”.

Kregning aytishicha, siyosiy konsultantlik biznesi rivojlanishi bilan ko’plab mamlakatlarda o’z siyosiy maslahatchilari yetishib chiqmoqda va amerikalik mutaxassislar endi ushbu mehnat bozorida yolg’iz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG