AQSh Kongressiga o’tgan oraliq saylovlar ortidan har ikki partiya 2020-yildagi prezidentlik saylovi uchun kurashga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Vakillar palatasi sakkiz yil o’tib yana demokratlar nazoratida. Prezident Donald Tramp saylov ortidan o’tgan matbuot anjumanida vaziyatni ijobiy burilish sifatida ko’rsatishga urindi.
“Bu biz uchun buyuk g’alaba. Kelishib ishlashni nazarda tutib, yana aytamanki, shunday bo’lgani hammamiz uchun yaxshi. Sababi, agar demokratlar istasa, qonunchilikda ulkan ishlarni amalga oshirishimizga ishonaman”, - dedi u.
Senatda ko’pchilikni tashkil etgan respublikachilar soni oz bo’lsa-da ortishida uning hissasi bor.
Lekin demokratlar bu yilgi saylovlar 2020-yilgi prezidentlik kurashiga tayyorlanayotgan Tramp uchun ogohlantirish ekaniga allaqachon ishora qilmoqda.
“Mamlakat bo’ylab ozchilik guruhlar, katta shaharlar atrofidagi saylovchilar va ayollar ovozini respublikachilar yo’qotdi. Gap katta miqdordagi saylovchilar haqida borarkan, ham respublikachi nomzodlar, ham Prezident Tramp uchun 2020-yilgi saylovlar xavotirli”, - deydi demokrat senator Chak Shumer.
Tahlilchi Jon Fortiyerning aytishicha, har ikkala partiya saylovchilari uchun Tramp asosiy omil bo’ldi.
“Donald Tramp qizil shtatlarda, ya’ni respublikachilar faol kichik shahar va qishloqlarda yaxshi natija ko’rsatdi. Lekin katta shaharlar atrofidagilar, ayniqsa, o’qimishli oq tanli qatlam Trampga qat’iy qarshi chiqdi. Oqibatda demokratlar qo’li baland keldi”, - deydi u.
Virjiniya universiteti tahlilchisi Larri Sabatoga ko’ra, demokratlar oldidagi masala prezident bilan ishlash va uning ma’muriyatini tergov qilish o’rtasida muvozanatni saqlash.
“Kongressda demokratlar miqdori yaxshi, lekin respublikachilar 2010-yilda qozongan g’alaba darajasida emas. Agar demokratlar buni esdan chiqarsa, ularning Vakillar palatasidagi ustunligi ikki yil davom etadi, keyin esa Tramp qayta saylanib, respublikachilar hukmronligini yana tiklaydi”, - deydi u.
Demokratlar yuqori g’arbiy shtatlardagi gubernatorlik saylovlarida g’alaba qozondi va bu 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida qo’l kelishi mumkin, deydi tahlilchi Jim Kesler.
“Tramp 2016-yilda qo’lga kiritgan shtatlar bu gal demokratlar tarafida.Michigan, Viskonsin va Pensilvaniya shtatlarida demokratlar mo’tadil nomzodlarni taqdim etdi va ular g’olib bo’ldi. 2020-yilda to’g’ri nomzodni taqdim eta olsa, ular 2016-yilda boy berilgan mavqelarini tiklab olishi mumkin”, - deydi u.
Demokratlar hukmron Vakillar palatasi 2019-yil yanvarda ish boshlagach, hokimiyatdagi muvozanat o’zgaradi.
Bu orada demokratlar 2020-yilgi prezidentlik saylovida Trampga imkon bermaydigan munosib nomzodni topish harakatini boshlamoqda.
Facebook Forum