Breaking News

Pompeo arab davlatlari bilan Eronga qarshi siyosatni muhokama qilmoqda


Pompeo Misr prezidenti bilan muloqotda
Pompeo Misr prezidenti bilan muloqotda

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 9-yanvar kuni Iroqning Irbil va Bag’dod shaharlarida bo’lib, markaziy hukumat va Iroqning Kurdiston mintaqasi rahbarlari bilan Prezident Donald Trampning qo’shinlarni Suriyadan chiqarish rejasini muhokama qildi. Bir kun o’tib Pompeo Misrga ham tashrif buyurdi.

AQSh davlat kotibining aytishicha, Suriyada harbiy amaliyotlarni tugatish qarori Amerikaning Yaqin Sharqdagi umumiy siyosatiga ta’sir qilmaydi.

Iroq Bosh vaziri Odil Abdul Mahdiy “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashda Amerika yordamini olqishladi.

“Qo’shma Shtatlar Iroqqa Daishdan qutulishda yordam berayotgan xalqaro koalitsiya tarkibiga kirgan, ittifoqchimiz”, - dedi u.

Iroqqa rejalanmagan tashrifdan bir kun oldin Pompeo Iordaniyada ham bo’lib, mintaqaga eng asosiy tahdidlar Eron va “Islomiy davlat” ekanini ta’kidladi.

“Prezidentning askarlarni Suriyadan chiqarish qarori AQShning bu tahdidlarga qarshi salohiyatiga ta’sir qilmaydi. Maqsadlarimizga erishishda kelasi bir necha haftalarda Eronga nisbatan nafaqat diplomatik, balki tijoriy bosimni ham ikki baravar kuchaytirishimizga guvoh bo’lasiz”, - dedi Pompeo.

AQSh rasmiysi Qohirada ham bo’lib, Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy va Tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy bilan muloqot qilib, Eronga bosimni oshirish yo’llarini muhokama qildi.

Vashingtondagi Uilson tahlil markazi eksperti Aaron Deyvid Millerning aytishicha, Yaqin Sharqqa qo’shinlarni safarbar etishda, mintaqa mamlakatlari siyosiy tuzumiga aralashishda, tartibsizlik, sarosimaga yuz tutgan arab dunyosining ichki masalalariga nisbatan tashqi siyosatini shakllantirishda Tramp ma’muriyati o’zidan oldingi Obama ma’muriyati kabi ehtiyotkorlik bilan ush tutmoqda.

Joriy haftada Pompeo Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazi hamkorlik kengashiga a’zo boshqa mamlakatlarga ham tashrif buyuradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG