24-26-iyul kunlari AQSh Davlat departamenti jahon bo'ylab diniy erkinlikni targ'ib qilish, diniy ta'qib va diskriminatsiyaga chek qo'yishga qaratilgan xalqaro anjuman o'tkazadi. Bu tadbir oldidan "Amerika Ovozi" Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Myanmadagi rohinjalar, Xitoyda uyg'urlar yuzlashayotgan repressiyalar hamda Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlari haqida gaplashdi.
Amerika Ovozi: Myanmada rohinja musulmonlariga qarshi jinoyatlarni ba'zilar diniy tozalash deb tasvirlaydi. Bu davlatda buddistlar ko'pchilik. Buddizmda boshqa ko'plab dinlarda bo'lgani kabi birovni o'ldirish eng mudhish jinoyat. AQSh ham rohinja inqirozini diniy tozalash deb ataydimi?
Pompeo: Davlat departamenti o'tgan yil oxirida etnik qirg'in bo'layotgani haqida bayonot berishga qaror qilgan edi. Myanmadagi voqealarda diniy omil borligini bilamiz. Ammo ta'rif berishda juda ehtiyotkor bo'lishimiz lozim, vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Davlat departamenti faoliyatida diniy erkinlik markaziy o'rin tutadi. Qayerda ishlamaylik, jumladan, Osiyoda ham, bu mavzuni prioritet deb bilamiz.
Amerika Ovozi: Rohinjalarga qarshi zulmda ishtiroki uchun Myanmaning yuqori lavozimdagi harbiy yetakchilariga qurol embargosi yoki moliyaviy sanksiyalar qo'yiladimi?
Pompeo: Bu masalalarga juda jiddiy qaraymiz va bir qancha choralarni ko'rib chiqayapmiz. Siyosat o'zgarishi kerak, vaziyat o'zgarishi kerak. Hozircha buni ko'rmadik. Myanma harbiylariga ularning xatti-harakatlari nomaqbul ekanini uqtirish uchun ko'p choralarni ko'rib chiqayapmiz.
Amerika Ovozi: Davlat departamentining diniy erkinlikka doir hisobotlarida Xitoyda uyg'urlar va tibetlik buddistlarga qarshi repressiya tilga olinadi. Xitoy hukumatining separatist guruhlar borligi haqidagi da'volariga qanday javob berasiz? Ikkinchidan, repressiyada qo'li bo'lgan xitoylik mulozimlarning chetga sayohat qilishiga cheklovlar qo'yilishi, ularning Amerikadagi mablag'lari muzlatilishi mumkinmi?
Pompeo: Diniy erkinlik bobida to'g'ri yo'l tutmayapsiz deb bildirganmiz, Xitoy alohida xavotirga molik davlatlar ro'yxatida. Dunyoning ko'plab joylarida odamlar erkin e'tiqod qila olmaydi, lekin AQSh ko'pgina davlatlar bilan, jumladan, Xitoy bilan murakkab iqtisodiy, harbiy va siyosiy aloqalarga ega. Har bir mamlakat bilan munosabatlarimizda diniy huquqlarni fundamental huquq deb belgilaganmiz.
Amerika Ovozi: Tanqidchilarga ko'ra va Davlat departamentining o'zi ham qayd etganki, Rossiya yetakchiligidagi guruhlar Ukraina sharqida diniy dargohlardan harbiy inshootlar sifatida foydalanishda davom etmoqda. Siz Xelsinkida Tramp-Putin uchrashuvida bo'ldingiz. Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlari muhokama qilindimi?
Pompeo: Rossiyaning diniy dargohlardan foydalanishi hech qachon to'g'ri emas. Xelsinkiga kelsak, Prezident Tramp Vladimir Putin bilan uchrashuvida Ukraina sharqidagi xatti-harakatlaringiz Rossiya manfaatlariga javob bermaydi, deb aytdi. Rossiyaga nisbatan juda qattiqqo'lmiz, Ukraina qurolli kuchlariga ko'mak ko'rsatdik. Obama ma'muriyati yordam berishdan ko'p marta bosh tortgan. Ko'magimiz Ukrainada 2019-yilgi saylov muvaffaqiyatli o'tishiga, muammolar yechilishiga imkoniyat yaratadi.
Amerika Ovozi: Rossiya AQShning Moskvadagi sobiq elchisi Maykl Makfolni so'roq qilish taklifi bilan chiqqani xavotirlarga sabab bo'ldi. Aniqlik kiritsangiz...
Pompeo: Hech qachon. Tramp va Putin o'rtasidagi uchrashuvda ruslar ko'p takliflar qilishdi, Putin o'z fikrlarini bildirdi. Prezident Tramp dangal aytdi - amerikaliklarni ruslar so'roq qilishi uchun hech kim majburlab Rossiyaga yubormaydi. Mish-mishlarga chek qo'yaylik, xavotirga o'rin yo'q.
Facebook Forum