Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor. Biroq ikki diplomat mamlakatlarining Venesuela, Eron hamda saylovlarga aralashish masalalariga yondashuvi turlicha.
Putin Prezident Donald Tramp Rossiya bilan aloqalarni samimiy ravishda tiklamoqchi ekaniga ishonishini aytib, Rossiyaning 2016-yilgi saylov paytida Tramp shtabi bilan til biriktirgani haqidagi da’volarni soxta deb atadi.
“Biz munosabatlarni to’liq tiklash haqida bot-bot gapirganmiz, Umid qilamanki, hozir buning uchun qulay muhit mavjud”, - dedi Putin.
Biroq Pompeo va Lavrov matbuot anjumanida siyosatdagi farqlarni tilga oldi.
“Venesuela bo’yicha gapimiz bir joydan chiqmayapti. Rossiyalik hamkasblardan Venesuela xalqini qo’llab-quvvatlashni, demokratiyaga qaytishlariga imkon berishni so’radim. Qo’shma Shtatlar va yana 50 dan ortiq davlat Nikolas Maduro ketishi kerakligida hamfikr”, - dedi Pompeo.
Lavrovning aytishicha, Rossiya AQSh va Eron o’rtasida ziddiyatlar kuchayayotganidan tashvishda.
“Eron bilan imzolangan yadroviy hujjat masalasiga aql bilan yondashiladi, AQSh mintaqaga 120 ming qo’shin yuboryapti degan mish-mishlar mish-mishligicha qoladi degan umiddaman”, - dedi Lavrov.
Pompeoning aytishicha, AQSh Eron bilan urush qilishni istamaydi, ammo hujumga uchrasa, o’zini mudofaa qilishga majbur.
Pompeo Lavrovga Rossiya Amerika saylovlariga aralashmasin deb ham aytdi.
“Agar Rossiya 2020-yil sayloviga ham burun tiqsa, munosabatlarimiz hozirgidan yomonlashadi. Biz bunga jim qarab turolmaymiz, bunday qilmanglar, deb aytdim”, - dedi u.
Tomonlar Suriya, Shimoliy Koreya, qurol nazorati mavzularida muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Facebook Forum