Breaking News

Pompeo Trampning JSSTga pulni to’xtatish qarorini himoya qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Prezident Donald Trampning Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga moliyaviy yordamni vaqtincha to’xtatish qarorini himoya qilmoqda. Uning aytishicha, tashkilot koronavirus pandemiyasida Xitoyni ayblashga botina olmagan.

“Xitoy tashkilotni koronavirus epidemiyasi haqida ma’lum qilsa-da, ixtiyoridagi barcha ma’lumotlarni uzatmagan, kasallikning xavfli ekanini yashirgan, virus Xitoy bo’ylab tarqalib ketmaguncha uning odamdan odamga o’tishini bir oy saqlab kelgan va dunyoni virus xavfi haqida boxabar qilishga harakat qilgan odamlarning og’zini yopgan”, - dedi Pompeo.

AQSh tashkilotga yiliga yarim milliard dollard atrofida moliyaviy yordam ko’rsatarkan, xalqaro mutaxassislar hozir yordamni to’xtatish mavridi emas, deydi.

“Pandemiya paytida Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga pulni kesishdan zararliroq va ahmoqona ish bo’lmasa kerak. Umuman mantiqsiz bir qaror”, - deydi Dyuk universitetidan Gavin Yeymi.

Unga ko’ra, tashkilot mamlakatlarga COVID-19 kasalligi haqida yo’riqnomalar, virusni aniqlash uchun test tizimlari va shaxsiy himoya vositalari tarqatgan.

Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar virusga qarshi kurash doirasida 100 ga yaqin mamlakatga 775 million dollarlik yordam bergan.

“AQSh so’nggi uch yilda sayyoramizdagi eng saxovatli mamlakat bo’lgan va bu yili ham shunday bo’lishda davom etadi”, - dedi u.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Xitoyga nisbatan o’ta yumshoq bo’lgani haqidagi ayblovlarni inkor etarkan, AQShning tashkilot byudjetini kesish qarorini tanqid qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG