AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Rossiya va Shimoliy Koreya rahbarlari bir necha kundan so’ng Vladivostokda ko’rishishi mumkin.
Rossiya Pxenyandan artilleriya uchun snaryadlar va tankka qarshi raketalar, Shimoliy Koreya esa buning evaziga Rossiyadan sun’iy yo’ldoshlar va suvosti kemalari uchun ilg’or texnologiyalar hamda oziq-ovqat olishga umid qilayotgani aytiladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabarni tasdiqlashdan bosh tortdi.
Britaniyalik tahlilchi Patritsiya Lyuisning aytishicha, Xitoydan kerakli qurol olishga ojizlik qilayotgan Rossiya Shimoliy Koreyaga murojaat etishga majbur.
“G’arbni Ukrainani qurol bilan ta’minlayotganlikda ayblayotgan Xitoy Rossiyani bevosita qurollantirishni istamayapti. Vaziyat o’zgarishi mumkin albatta. Xitoy Rossiya bilan munosabatlarda ancha qulay pozitsiyaga ega, ustunliklari ko’p. Uzoq muddatda Rossiya Xitoyning mijozi bo’lib qolish ehtimoli bilan yuzlashmoqda. Putin bundan xabardor va tashvishda”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazi eksperti.
Shimoliy Koreya bo’yicha yana bir mutaxassis Andrey Lankov Kim Chen Unning COVID bilan bog’liq izolyatsiyadan so’ng Xitoyga emas, Rossiyaga bormoqchi ekanini Moskva uchun diplomatik yutuq deb atadi.
“Shimoliy Koreya rahbari Moskvadan iqtisodiy yordam undirishga harakat qiladi. Ammo ko’p narsa olishiga ishonmayman, chunki garchi Rossiyada iqtisodiy vaziyat katta urush olib borayotgan mamlakat uchun hayratlanarli darajada yaxshi bo’lsa-da, vaziyat qiyinlashayotganini ta’kidlash kerak. Natija qanday bo’lishidan qat’i nazar, Kim Chen Un Rossiya bilan yaxshi aloqada ekanini ko’rsatmoqchi. Ukrainada urush bo’lmaganida Rossiya Shimoliy Koreyaga e’tibor bermagan bo’lardi. Urush Shimoliy Koreyaga qo’l keldi”, - deydi Seuldagi Kukmin universiteti olimi.
Kim Chen Un iyul oyida Pxenyanda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashgan. Kuzatuvchilar tomonlar o’shandayoq qurol ta’minoti haqida gaplashganini aytadi.
Xabarlarga ko’ra, Rossiya Ukraina jang maydonlarida kuniga o’n minglab snaryad sarflamoqda va yetarlicha o’q-dori ishlab chiqarishga ulgurmayapti, garchi harbiy korxonalar uch smenada ishlayotgan bo’lsa-da.
Prezident Putin ketidan Shoygu ham Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidladi.
"Kiyev rejimi uch oy ichida frontda birorta maqsadiga erisha olmadi”, - dedi u.
Ukrainada mudofaa vazirining yangilanishi frontdagi vaziyatga qanday ta’sir qilishi hozircha ma’lum emas. Nomzodi yangi mudofaa vaziri lavozimiga tavsiya etilgan Rustam Umerov iste’foga chiqarilgan Oleksiy Reznikov kabi harbiy san’at va tajribadan yiroq inson.