Kelayotgan yakshanba Germaniyada parlament saylovlari. Mamlakatni 16 yildan beri boshqarayotgan Angela Merkel hokimiyatdan ketmoqda. Yangi rahbarga ko’plab vazifalar meros bo’lib qolmoqda. Xususan Xitoyning yuksalishi.
Gamburg bandargohi Germaniyadagi eng yirik port bo’lib, har yili 8,5 million konteyner shu yerdan o’tadi. Shuning salkam uchdan biri Xitoydan keladi yoki Xitoyga boradi – bu yuk hajmi bo’yicha ikkinchi o’rinda turgan AQShdan to’rt baravar ko’p.
Xitoyning davlatga qarashli COSCO yuk kompaniyasi bandargoh hissalarining uchdan birini sotib olmoqchi.
Port egalari va shahar meri kelishuv Gamburg taraqqiyotiga hissa qo’shadi deya, uni qo’llab-quvvatlamoqda. Tanqidchilar Germaniya ogoh bo’lishi kerak, deydi.
“Xitoyda biznes rejalar doim ham biznes uchun tuzilmaydi, ular Kommunistik partiyaning siyosiy qarorlaridir. Shu sabab bunday kelishuvlarni elakdan o‘tkazishimiz kerak. Undan ko’ra Gamburg va Shanxay bandargohlarining hissalari bilan ayirboshlaganimiz ma’qulroq”, - deydi Nasroniy demokratlar partiyasidan parlament deputati Yurgen Xardt.
Xitoy xorijiy kompaniyalarga o’z infratuzilmasiga egalik qilishga ruxsat bermaydi. Germaniyaning geosiyosiy boshog’rig’i ham Gamburgnikiga o’xshaydi – Xitoy do’stmi yoki yov?
So’nggi yillarda ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalar Pekinning uyg’urlarga bo’lgan muomalasi, Gonkongda demokratik huquqlarni ta’qib etishi, Janubiy Xitoy dengizida harbiy infratuzilmalarini kengaytirishi sabab taranglashgan.
Germaniya arosatda, deydi tahlilchi Liana Fiks.
“Yevropa va Yevropa Ittifoqi qanday siyosatni yuritishni bilmay turibdi. Bir tomondan, AQSh bosim qo’ymoqda, ikkinchi tomondan esa, a’zo davlatlarning iqtisodiy manfaatlari ko’p jihatdan Xitoy bilan savdoga bog’liq”, - deydi Gamburgdagi Korber-Stiftung xalqaro aloqalar jamg’armasi eksperti.
So’nggi ommaviy so’rov natijalari Germaniya rahbariyati xalq bilan hamfikr emasligini ko’rsatmoqda.
“Aholining Xitoyga qarshi sanksiyalar bo’yicha fikrini bilishni istadik, garchi bu Germaniya iqtisodiyotiga zarar bo’lsa-da. Aksariyat odamlar inson huquqlari masalasini ustuvor deb bilib, sanksiyalarni olqishlashini bildirdi”, - deydi Fiks.
Rossiya masalasida ham Germaniya Sharq bilan G’arb o’rtasida turib qolgan. Rossiya 2014-yilda Qrimni Ukrainadan tortib olganiga qaramay, Kansler Angela Merkel qurilishi shu oy yakunlangan “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasini qo’llab-quvvatladi.
Rossiya Ukrainani aylanib o’tuvchi quvur orqali Germaniyaga gaz uzatadi. Eski quvurlar Yevropaga Ukraina orqali o’tadi va Kiyev tranzit uchun to’lovlardan yaxshi daromad ko’rmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Merkelni yangi quvur haqida ogohlantirdi.
“Aminmanki, bu bir quroldir. Uning nafaqat Ukrainaga qarshi, balki Yevropaga ham qarshi xavfli qurol ekanini ko’rmaslik xato”, - dedi u.
AQSh ham quvurga qarshi, loyihaga aralashgan Rossiya kompaniyalariga sanksiyalar qo’ygan.
“AQShning bu masalaga keskin e’tirozi Germaniya noroziligiga sabab bo’ldi. Berlin buni energetika siyosatiga aralashuv deb ko’rdi”, - deydi tahlilchi Liana Fiks.
Germaniyaning yangi rahbariga xalqaro aloqalarda oson bo’lmaydi, deydi berlinlik siyosatshunos Gero Noygebauer.
“Aksariyat odamlar Germaniya inqirozga uchragan degan fikrda. Globalizatsiya, afg’on urushi, Yevropadagi mojarolar bilan shug’ullanish kerak. Globalizatsiyaning ish o’rinlariga ta’siri, migratsiya, iqlim o’zgarishi ham bor. Merkeldan keyin keladigan odamning xalqaro tajribasi cheklangan yoki umuman bo’lmasligi mumkin”, - deydi Berlindagi Fray universiteti professori.
Merkel murosa va muloqotni doim afzal ko’rgan. Yangi rahbar Germaniyani farovonlikka yetaklashda xalqaro raqiblar bilan qanday siyosat yuritadi? Dunyo Germaniyaning yangi davrga qadam qo’yishini diqqat bilan kuzatadi.
Facebook Forum