Breaking News

COVID-19 va qahraton qish - yo'qsillar dushmani


Qish kirib kelishi bilan koronavirus yanada quturishi kutilmoqda. Bu iqtisodiyotning sekinlashishiga olib kelarkan, AQShda yashovchi kam daromadli oilalar qiynalib qolishi mumkin.

Xalqaro hayot – 3-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:03 0:00

Amerikadagi xayriya tashkilotlari kam daromadli oilalar qish mavsumida qo’shimcha yordamga muhtoj bo’lishi mumkinligini bildirmoqda.

“Xayriya tashkilotlaridan kiyim-kechak olyapmiz. Kurtka, qishga oyoq kiyim olishga pulimiz yo’q. Ammo bu yerga kelsak, bizga berishadi”, - deydi Erika Sanches ismli ayol.

Uch bolaning onasi AQShga Meksikadan kelgan, oshxonada ishlardi. Koronavirus pandemiyasi sabab ishini yo’qotdi. Hozir bir binoda haftada bir necha soat farroshlik qiladi, ammo topgan puli oilani boqishga bazo’r yetadi.

“Restoranda soatiga 13 dollar olardim. Hozir 16 dollar 10 sent berishadi, ammo ish kuniga 4 soat, xolos. Oldingiga qaraganda qiyinroq bo’lib qoldi”, - deydi u.

“Xaloskorlar armiyasi” xayriya tashkiloti vakili mayor Srikant Bxatnagarning aytishicha, mamlakatda har hafta salkam 800 ming odam ishsiz qolarkan, gumanitar yordamga ehtiyoj o’smoqda.

“Amerika boy bo’lgani bilan oziq-ovqat, uy-joyga zor odamlar ko’p. Pandemiya paytida ish yo’q, ko’plar qiynalib qolgan”, - deydi u.

Daromadidan ayrilgan amerikaliklarning ko’pi kommunal xizmatlar uchun to’lovlarni ham to’xtatib qo’ygan. To’lovlarni qoplashga yordam beruvchi tashkilotlarga ko’ra, umumiy qarz 24 milliard dollarga teng.

Qarzdorlarning bir qismi qahraton qishda kommunal xizmatsiz qolishi mumkin. Xayriya tashkilotlari bundaylarga kurtka va palto tarqatmoqda.

“Har yili odatda ishxonalarga borib xayriya tarqatamiz. Ammo hozir ko’p kompaniyalar masofadan ishlamoqda. O’tgan yilga qaraganda idoralarga 56 foizga kamroq qatnadik. Biroq shu bilan birga, issiq kiyimga talab 50 foizga oshgan”, - deydi “Issiq palto” kompaniyasi rahbari Bet Amodio.

Virjiniya shtatidagi Aleksandriya shahrida maktabgacha bo’lgan bolalarga bepul ta’lim berayotgan nodavlat tashkilot rahbariga ko’ra, muhtoj oilalar boshqa narsalardan ham qiynalmoqda.

“Odatda qaramog’imizdagi oilalarning 15 foiziga ijara haqqini to’lashda, oziq-ovqat, internet, boshqa anjomlar bilan ham yordam beramiz. Ammo bu yili mana shu qo’shimcha narsalarga talab kuchaygan”, - deydi Jaki Xorstmen Didio.

Ba’zi olimlarning bashorat qilishicha, ob-havoning yomonlashishi pandemiyani kuchaytirsa, ishsizlar soni oshishi mumkin. Muhtoj oilalar bundan xavotirda.

“Restoranlarda xo’randalar soni kamaygan. Odamlar ko’chada ovqatlanishni xohlamayapti. Ayniqsa hozir ular erta yopilmoqda, spirtli ichimliklarni 9 dan keyin sotish mumkin emas. Bu bizga ham ta’sir qilmoqda”, - deydi Esau Munyos ismli oshpaz.

Virus nazoratga olinmas ekan, cheklovlar hali beri bekor bo’lmaydi. Ko’plar uchun bu yilgi qish uzoq va qiyin kechishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG