Amerikada 5-noyabr kuni o’tgan prezident saylovida Donald Tramp g’alaba qozondi. U so’nggi 100 yildan ko’p vaqt ichida ikki muddatga ketma-ket saylanmagan ilk shaxsdir. O’tish jarayoni ko’p vaqt olishini hisobga olganda qasamyod marosimi yoki inauguratsiya 20-yanvarda o’tkaziladi.
Nazariy jihatdan Amerikada prezident saylov kuni saylanmaydi. Ovozlar aslida saylov kollegiyasi vakillariga beriladi. Har bir shtatdan tanlangan bu vakillar 17-dekabrgacha to’planib, prezidentga rasman ovoz berishi kerak bo’ladi. G’olib aniqlanishi ketidan hokimiyatni topshirish jarayoni boshlanadi.
O’tish davrining ko’plab elementlarini saylovgacha ko’rsa bo’ladi. Masalan, muddati tugab borayotgan prezident olti oy oldin Oq uy qoshida o’tish jarayonini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzib, uning rahbari va davlat idoralariga ko’rsatmalar beradi.
Har bir asosiy nomzod shtabida ham o’tish davri uchun jamoa bo’ladi. Nomzodlarga saylovdan oldin ishlash uchun idora va davlatdan yordam beriladi, cheklangan razvedka ma’lumotlari ulashiladi. Prezidentlikka saylangan nomzodda to’liq razvedka ma’lumotlari bilan tanishish imkoni bo’ladi.
Saylov o’tib bo’lganidan so’ng saylangan rahbar va uning o’rinbosariga o’tish jarayoni uchun idora ajratiladi, zarur xizmatlar ko’rsatiladi. Inauguratsiyagacha yangi prezident mahkamasi uchun muhim lavozimlarga nomzodlarni tanlaydi. Davlat idoralari bu ishda ham unga ko’maklashadi.
Biroq o’tish davri 2000-yilda Floridada ovozlarning qayta hisoblangani yoki 2020-yilda Tramp saylov natijasini tan olmagani kabi tortishuvlar ta’sirida cho’zilishi ham mumkin.
Yangi rahbarlar uchun o’tish davri oson emas. 2020-yil saylovida g’alaba qozongan Jo Bayden davlat idoralaridagi salkam 8000 ta lavozimni to’ldirishi kerak bo’lgan.
Shulardan 4000 dan ortig’i siyosiy kadrlar edi va salkam mingtasi Senat tasdig’idan o’tishi kerak bo’lgan.
Bu uzoq jarayon bo’lib, Bayden inauguratsiyasidan so’ng yana yetti oy davom etgan, milliy xavfsizlikka oid lavozimlarga tanlangan kadrlarning uchdan ikki qismi Senat tasdig’idan o’tmagan.
O’tish davrida muddati tugayotgan prezidentga “oqsoq o’rdak” laqabi beriladi. Uning ta’siri va qudrati so’nib borarkan, prezidentligining so’nggi kunlarida Bayden katta siyosiy oqibatlarga olib kelmaydigan qarorlar qabul qiladi. Masalan, mahkumlarni avf etish kabi.
Ronald Reygan o’zidan keyin Oq uyga kelayotgan prezidentga shaxsiy maktub yozib, lavozimidan ketishidan oldin idorasi stolida qoldirib ketgani an'anaga aylandi.
Respublikachi ota Jorj Bush 1993-yilda demokrat Bill Klintonga “Sizga bu yerda baxt tilayman. Ayrim prezidentlar ta’riflagan yolg’izlikni his qilmadim hech. Sizga chin dildan omad tilayman” deb yozib qoldirgan.