Breaking News

Dunyoda matbuot erkinligi hamon xavf ostida


3-may – Xalqaro matbuot erkinligi kuni. Jurnalistika xavfli kasblardan biri bo’lib, ayrim mamlakatlarda jurnalistlar zulm ostida, ta’qib etilmoqda, mojaro zonalarida esa nishonga olinmoqda.

Mamlakatlarni avtoritar va diktator rahbarlar boshqarishda davom etarkan, ularning faoliyatini tanqid qilayotgan muxbirlar xavf bilan yuzlashishda to’xtamaydi. Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining kuzatuvlariga qaraganda, matbuot erkinligi demokratik Amerikada ham cheklanmoqda.

“Jurnalistlar hukumatlarni tartibga chaqiradi, faoliyatini yoritadi – inson huquqlariga nima bo’layotgani, soliqlar qanday sarflanayotgani haqida ma’lumot beradi. Muxbirlarsiz hukumatlar bu huquqlarni cheklovchi siyosat yuritgan bo’lardi, korrupsiya kuchayardi”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Robert Maxoni.

Matbuot a’zolarini qo’rqitish uchun kiber-xurujlar, hibsga olishlar, o’g’irlashlar kabi usullar ishga solinadi, hatto qotilliklar sodir etiladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” hisobotida Xitoy va Shimoliy Koreya matbuot erkinligining ashaddiy dushmanlari sifatida keltiriladi.

AQShda ayrim amaldorlar matbuotni soxta xabarlar tarqatayotganlikda ayblab, ularning faoliyatini cheklashga harakat qiladi. Biroq AQSh Konstitutsiyasi bu kasb egalarini qalqon sifatida himoya qilishda davom etmoqda.

“Amerika va ko’plab boshqa davlatlar orasidagi farq ham shunda. AQShda qonun ustuvorligi amalda ishlaydi. Masalan, “Amerika Ovozi” hukumatdan pul olsa-da, qonunlarimiz bu ikki idorani bir-biridan ajratib turadi. Biz haqiqatan mustaqil ovozga egamiz”, - deydi “Amerika Ovozi” direktori Amanda Bennet.

Hisobot Filippin Prezidenti Rodrigo Duterteni ham tanqid qiladi. Unga ko’ra, bir paytlar matbuot erkinligi bobida Osiyo davlatlariga namuna bo’lgan Filippinda ommaviy axborot vositalariga hamlalar kuchaygan.

Myanmada esa Oliy sud aprel oyida “Reyter” axborot agentligining ikki mahalliy muxbiriga belgilangan yetti yillik qamoq jazosini tasdiqladi. Jurnalistlar 2017-yilda roxinjalik musulmonlarning o’ldirilishini taftish qilgan edi.

“Ularni ataylab qamashgan. Ularni hibsga olgan politsiyachilar sudda oldindan buyurilgan gaplarni gapirishgan. Muxbirlarimizni qatliomni yoritishgani uchun hibsga olishganiga shubha yo’q”, - deydi “Reyter” bosh muharriri Stiven Adler.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, Norvegiya matbuot erkinligi darajasi bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG