Breaking News

Qatliomlarni to'xtatish - insoniy burch, deydi xalqaro mutaxassislar


Dunyoning bir mojarosi yechilsa, ikkinchisi boshlanadi. Kelishmovchilik, nizo va zo’ravonliklarning poyoni yo’q. Inson ularning doimiy sababchisi va kurashchisi. Eng ko’p aziyat chekadigani ham o’zi. Xo’sh, biror mamlakat qonli to’qnashuvlar domiga tortilaginda atrfodagilar nima qilishi kerak? Qachon aralashish kerak, yoki umuman aralashmaslik kerakmi? Insoniy jihatdan bu to’g’rimi? Bu borada munozarayu bahs-tortishuvlar tinmaydi.

Jorj Vashington Universitetida yig’ilgan olimlar, faollar va mutaxassislar, jahonning turli davlatlaridan kelgan mehmonlar, bugungi mojarolar, sabab va oqibatlar hamda insoniy mas’uliyat xususida fikr almashdi. Tashabbus ortida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton turibdi. Uning nazarida kelajak liderlarini tayyorlash uchun bunday davra suhbatlari bag’oyat muhim. Yoshlar o’z qarashlarini tushuntirib bersin, kattalardan maslahat olsin, deydi u.

Xalqaro aloqalar bo’yicha professor Amitay Etzioni deydiki, biror joyda ommaviy tarzda qon to’kilganida tomosha qilib turish aql bovar qilmaydigan holat.

“Hukumat o’z tanklarini ishga solib aholini qira boshlasa, bunga qanday qarab turish mumkin? Kasalxonalarda yotgan odamlarni olib chiqib, omma oldida o’ldirishsa-chi? Insonmiz deb ayta olamizmi o’zimizni? Chora ko’rish – burchimiz. Bunda har qanday manfaatni chetga surish kerak, milliymi yoki xalqaro. Insonga xos ravishda ish tutishimiz zarur. Qonxo’rlik chegara tanlamaydi”, - deydi olim.

Etzioni bugun Suriyadagi ahvolni yaqqol misol qilib ko’rsatadi. Qo’zg’olonchilarga qarshi qaqshatqich chora ko’rgan hukumat dunyo ahli oldida javob berishi kerak. Aks holda, bu – hukumat istasa, aholini qiradi, istasa qamab qiynoqqa soladi degan gap, deydi professor. Xalqaro hamjamiyat darhol aralashishi, odam qadr-qimmati uchun kurashishi kerak, deydi u.

Lekin Maykl Gerson, insonparvarlik yordami ko’rsatuvchi tashkilot xodimi, aralashish oson ish emas deydi. Davlatlar bir yoqadan bosh chiqarishi uchun vaqt kerak. Ayrim hollarda, buning imkoni ham yo’q.

“Bir davlat kelib, vaziyatni o’nglashga harakat qilishi noto’g’ri. Xalqaro tashabbus bo’lishi kerak va hamma bir pozitsiyada turishi kerak. Aks holda, biror missiya natija bermaydi. BMT Xavfsizlik Kengashi, eng oliy xalqaro organ a’zolari, masalan, kelisha olmaydi”, - deydi mutaxassis.

Darhaqiqat, Rossiya va Xitoy AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilariga ko’p hollarda qarshi chiqadi.

Sudanning Darfur mintaqasidagi etnik xunrezliklarga qarshi, mana to’qqiz yildirki, biror yakdil yechim topilmadi, na BMT va na NATOda.

Juliana Rotich, “Ushahidi” deb nomlangan nohukumat texnologik kompaniya rahbari fikricha, mahalliy faollarga tayanish kerak, ularni quvvatlash kerak.

“Har bir mamlakatda haqiqat va adolat uchun kurashayotgan tomonlar bor. Bu insonlar vatanidagi asl vaziyatni yaxshi biladi va aynan ular sizga qanday yo’l tutish haqida maslahat bera oladi. O’zgarish eng quyi qatlamlarda yuz berishi uchun ular bilan ishlash kerak”, - deydi Juliana Rotich.

Gollivud yulduzi Kristen Bell, mana bir necha yildirki, Afrikadagi mojarolarni yechishda jonbozlik ko’rsatib kelmoqda. Uzoq yillik ichki urushlarga barham berish uchun xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratib keladi. Jangarilar bolalarni asklarlikka yollashi, ularni ezib, qo’liga qurol berib, boshqalarni o’ldirishga undashi – har bir insonni dahshatga solishi turgan gap, deydi u.

“Men tashqi siyosat bo’yicha ekspert emasman. Hukumat ishini ham uncha tushunmayman. Lekin shuni, bilamanki, insoniylik bu insonga xos narsa. Yovuzlik ham. Texnologiya daqiqa sayin barq urayotgan bir zamonda, odamlar bir-biriga har qachongidan ham yaqin. Aloqa qilish, bir-birining dardini tushunib, yordam berish imkoniyati kengaygan. Ekranda ko’rib turib, jim o’tira olmaymiz. Madad ko’rsatishni nahotki istamaymiz”, - deydi aktrisa.

Qachon va qanday yordam ko’rsatish bobida hech kim bir fikrda emas, xuddi bugun Suriyada hukumatga qarshi qurol ko’targan kuchlarga qanday ko’mak berish masalasi ko’ndalang turgandek. Lekin shunisi aniq – odamlar vaziyatga befarq emas. Ular tinchlik va adolat qaror topishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG