Breaking News

Gaitida bosh vazir iste’fo berdi


Zo’ravonliklar domiga tortilgan Gaitida jinoiy to’dalar bosimi ostida Bosh vazir Ariel Anri iste’foga chiqishga rozi bo’ldi. Yangi saylovlar o’tkazilgunga qadar boshqaruv muvaqqat hukumat qo’lida bo’ladi.

Xalqaro hayot - 13-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

Qo’shma Shtatlar o’tish jarayonini tezlashtirishni so’rarkan, bundan bir kun oldin Gaitiga 33 million dollarlik gumanitar yordam va’da qildi, mahalliy politsiyaga yordam berish uchun safarbar etilgan BMTning ko’p millatli xavfsizlik kuchlariga yordam tariqasida qo’shimcha 100 million dollar ajratishini bildirdi.

“Xavfsizlik uchun AQSh jami 300 million dollar ajratmoqda. Yana 33 million dollar sog’liqni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligi uchun beriladi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

BMT rasmiylari xalqaro xavfsizlik missiyasi zo’ravonliklarga barham bera olishiga umid qilmoqda.

Ayrim tahlilchilar xavfsizlik saylov o’tkazish uchun ham muhim ekanini aytadi.

“AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo’mondonligi Gaitiga rejalashda, ma’lumot ulashishda, mamlakatdagi vaziyat yuzasidan razvedka ma’lumotlarini uzatishda yordam berishiga ishora qildi”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan Jorjes Foriol.

Boshqa ekspertlar Gaitiga xorijiy qo’shin yuborilishidan foyda bo’lmasligini aytadi.

“Gaiti fuqarolik jamiyatining Kongressdagi tinglovda qatnashgan a’zolari “bizga qo’shimcha askar kerak emas, chunki chetdan kelgan askarlar ayollarimizni zo’rlab, kasallik tarqatishmoqda, jinoiy to’dalar bilan til biriktirishmoqda” deganini eshitdingiz”, - deydi Vashingtonda asoslangan va “Vandenberg koalitsiyasi” deb nomlanuvchi tahlil markazidan mutaxassis Ana Roza Kintana-Lovet.

Seshanba kuni Keniya hukumati Gaitiga politsiyachilarini yubormaslikka qaror qildi. Salkam ikki hafta oldin Gaiti rahbari Keniya Prezidenti Uilyam Ruto bilan shu haqda bitim imzolab, Keniya ming nafar politsiyachini Gaitiga yuborishni rejalayotgan edi. Biroq Keniya sudi hukumatning bunday qadamini qonunga xilof deb topdi. Keniyalik qonunchilar nazarida bunday missiya xavfli va Keniyaga foydasi yo’q.

Anri iste’foga chiqishini bildirganidan so’ng Keniya Gaitida muvaqqat kengash va muvaqqat rahbar tayinlanishini kutishga qaror qildi.

BMT hisobiga ko’ra, yil boshidan beri Gaitida 360 ming odam zo’ravonliklardan qochishga majbur bo’ldi, 1200 kishi nobud bo’lgan.

Sobiq bosh vazir hozir AQShga qarashli Puerto-Riko hududida jon saqlamoqda. 1-mart kuni Keniyaga safar qilgan rahbar Gaitida zo’ravonliklar kuchayishi ketidan mamlakatiga qaytmaslikka qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG