Bir kunda ixcham, arzon uy qursa bo’ladimi? 3D printerlari bugun qurilish sohasiga ham kirib kelmoqda. Yaqinda Texasda ana shunday printer orqali yasalgan uy namoyish etildi. Bu texnologiya rivojlanayotgan jamiyatlarda oilalar hayotini tubdan o’zgartirishi mumkin.
“Bu oddiy uy emas, AQShda 3D printeri bilan qurilgan birinchi inshoot. Printer shamol va yomg’irda sinalgan”, - deydi “ICON” kompaniyasi asoschisi Jeyson Ballard.
Buni qurib beradigan apparat, ya’ni printer, qoru-yomg’irga ham, bo’ronga ham chidamli bo’lishi kerak. Uni yaratgan kompaniyalarning e’tibori rivojlanayotgan mamlakatlarda.
“Boshpanasiz oilalar bilan ishlaymiz”, - deydi Brett Hagler, "New Story" tashkiloti vakili.
Salvador va Gaiti kabi mamlakatlarda yo’qsillar uchun arzon uylar qurib berish rejada. Loyihani “ICON” qurilish kompaniyasi va “New Story” nohukumat tashkiloti birgalikda boshqaradi.
“Insonning eng asosiy ehtiyoji - boshpana, turar joy. Bugun dunyoda bir milliard odam boshpanasiz. Bu muammoni yechish uchun yillab vaqt ketadi. Bizning texnologiya bilan uy narxi o’nlab baravar pasayadi, tez quriladi. Sifatni ham boy bermaysiz”, - deydi Hagler.
Kranga o’xshagan apparat kompyuterdagi dizaynga asoslanib, uyni qatma-qat ko’tarib beradi.
“Printer tezligini chorak qilib, orqamdagi uyni 48 soatda ko’tardik”, - deydi Jeyson Ballard.
Maksimum tezlikda esa uy 12 soatda bitadi. Shu hajmdagi uyni quruvchilar odatda 15 kunda tayyorlab berishi mumkin.
“Bir mahallani bir yilda emas, bir necha oyda bitkazsa bo’ladi”, - deydi Hagler.
Robot yasagan uylar arzon.
“Tashkilotimiz qurib bergan an’anaviy uylar 6,5 ming dollar. Yangicha uylar esa 4 ming atrofida bo’ladi”, - deydi u.
Yangi texnologiya va materiallar, deydi Ballard, dunyoning muhtoj odamlariga odatda kech yetib boradi. Ammo biz ishni aynan o’sha joylarda boshlamoqchimiz, deydi u.
“New Story” tashkiloti mahalliy nohukumat idoralar va hukumatlar bilan mablag’ masalasida gaplashyapti. Salvadorda qurilish shu yili boshlanishi kutilmoqda. Bu orada, ko’p qavatli uylarni qura oladigan printerlar yaratish ustida ish boshlangan.
Facebook Forum