Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, 2025-yilga borib, dunyo aholisining yarmi suv tanqis hududlarda yashaydi. Bir nechta kompaniya havodan suv olish texnologiyasini ishlab chiqardi.
Bu oddiy suv sovutgichi emas. Bu suv havodan olingan. Kartik Venkatesan Hindistonda ham shunday texnologiya bo’lishini orzu qiladi.
“Hindistonga har safar borganimda shishada suv sotib olaman. Krandan kelayotgan suvni ichib bo’lmaydi, kasal qiladi meni”, - deydi u.
Toza ichimlik suvi dunyoning ko’p joyida muammo va bu muammo kuchayib bormoqda. Qator kompaniyalar havodagi namlikni ichimlik suviga aylantirish texnologiyasini o’ylab topdi.
“Watergen” kompaniyasi taklif etayotgan texnologiya havodagi namlikni chang va zararli zarralardan tozalaydi. So’ng havoni ma’lum darajada sovitib, shudring nuqtasiga keltiradi. Suv yana bir necha filtrdan o’tib, ultrabinafsha lampa yordamida undagi mikroorganizmlar yo’q qilinadi.
Mana shunday texnologiya asosida ishlovchi apparatlar Syerra-Leone, Vyetnam kabi mamlakatlarda xavfsiz ichimlik suvini yo’lga qo’yishga yordam berdi. AQShda ham to’fon kabi tabiiy ofatlar paytida qo’l kelmoqda.
Apparatning “Genny” deb nomlanuvchi kichik hajmdagi modeli uyda yoki ishxonada havodagi namlikni suvga aylantirib, 30 litrgacha suv olish imkonini beradi.
“Namlik 30 foiz bo’lsagina apparat ishga tushadi. 50 foiz bo’lsa, zo’r ishlaydi”, - deydi “Watergen” kompaniyasining Shimoliy Amerika sho’basi rahbari Den Klifford.
Raqib kompaniyalar ishlab chiqarayotgan apparatlar havodan suv olish bilan birga xonadagi namlik darajasini pasaytirishga yordam beradi.
AQShning “Zero Mass Water” kompaniyasi esa gidropanellar yordamida namlik darajasi nisbatan past bo’lgan joylarda ham quyosh nuri va havodan suv olishga imkon beradi. Bunday texnologiya quyosh quvvatidan foydalanib, havoni gidropanellar ichida shudring nuqtasiga yetkazib, kondensatsiya hosil qiladi.
Bunday apparatlar narxi quvvatiga qarab farq qiladi. Eng arzoni 2000 dollar atrofida bo’lib, hammaning ham uni sotib olishga qurbi yetmaydi.
“Hindiston va Afrikada yo’qsillar ko’p. Ular bu narxlarni ko’tara olmaydi”, - deydi Kartik Venkatesan.
Agar havodan suv olish texnologiyasi ommaviylashib, arzonlashsa, insoniyat yuzlashayotgan muammolardan biri hal bo’ladi.
Facebook Forum