AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ta’rifiga ko’ra, erkaklarda eng ko’p uchraydigan saraton turi – prostata rakidir.
2008 yilda jahonda 900 ming kishida mana shu kasallik aniqlangan. 2030 yilga borib bu raqam ikki karra oshishi taxmin qilinadi.
Ammo xastalik yil sayin o’zgarib bormoqda va erta bosqichda uni davolash zarurati yo’q, deydi shifokorlar.
Stiven Pienson uch yil oldin prostata rakiga chalindi. Lekin test natijalari o’simta o’ta kichik va nisbatan xavfsiz ekanini ko’rsatdi. Shu bois vrachining maslahati bilan rakni davolash o’rniga, uni muntazam kuzatib borishga qaror qildi.
“Avvaliga operatsiya qilib, olib tashlashsin degan edim”, - deydi u.
Bostondagi saratonni davolash markazi doktori Juliya Xaysning aytishicha, bemor damba-dam qon topshirib turgan. Prostataga xos oqsil miqdori qayd etib borilgan.
“Bu shunday yo’lki, bemor biror dori ichmaydi. U doimiy ravishda tibbiy ko’rikdan o’tib turadi. Qon topshiradi, terisi analiz qilib boriladi. Hojati yo’q radiatsiya, jarrohlikning oldini olish maqsadida. Agar onkologiyaga biror ishora bo’lsa, kasallik kuchaya borsa, darhol chora ko’rish uchun”, - deydi shifokor.
Davolash usuli o’zgarganiga sabab inson hayoti, kundalik turmush sinovlaridir. Ba’zida prostata rakini davolash impotensiya, jinsiy zaiflikka yetaklashi mumkin. Ayrimlar qovug’i bo’sh yoki farzand ko’rolmay qoladi.
“Operatsiya natijasida hayotim barbod bo’ladi deb o’ylagandim”, - deydi Stiven Pienson.
Juliya Xays va uning safdoshlari maxsus dastur ishlab, yoshi ortacha 65 larda bo’lgan kishilarni kuzatuvga oldi. Bu guruh prostata rakiga chalinish ehtimoli o’ta yuqori. Xulosa shuki, davolangan kishilar ahvoli ko’rikda turgan bemorlardan og’ir.
“Vrachning oldiga muntazam kelib turgan bemorlar hayoti ham mazmunli, totliroq. Rakdan davolangan kishilarda aksincha”.
Lekin doktor Shon Kollins, Jorjtaun Universiteti kasalxonasi xodimi, yangicha usullar haqida xulosa qilishga shoshmaslik kerak, deydi. Har holda jiddiy kasallik haqida gap ketmoqda.
“Biopsiya – terini analiz qilish paytida biz faqat yuzaki, sirtdagi manzarani ko’ramiz xolos. Holbuki, zararli hujayra chuqurroq tarqalgan bo’lishi, keskinroq davo usuli talab qilinishi mumkin”, - deydi Kollins.
Ko’rikning yana bir nuqsoni shuki, saraton faqat kuzatib borilsa, u o’sishi, og’irroq tus olishi mumkin. Demak uni davolash uchun yanada agressiv usul qo’llanishi kerak.
“Deylik, 1000 kishini doimiy ravishda ko’rikdan o’tkazib turasiz. Shunaqa, tomoshabin bo’lib turaversak, ba’zilari saratondan o’lib ketishi aniq”.
Lekin, deydi vrach, bu davo usulining muhim jihati shundaki, bemorlar har xil bo’ladi. Kim uchundir sog’ bo’lish zarur, boshqalar mazmunli hayotni ustun ko’radi.