Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Markaziy Osiyo o’lkalari bo’ylab ish safari Qirg’izistonda yakunlandi. Bishkekda ikki o’lka aloqalarining istiqboli va Yevrosiyo Iqtisodiy Itttifoqi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bishkek Moskvaning mintaqadagi eng yaqin ittifoqdoshlaridan biri hisoblanib, ikki mamlakat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti tarkibida ham hamkorlik qilib keladi. Qirg’izistonda ko’p tarmoqli Rossiya harbiy bazasi mavjud.
Ayni paytda rasmiy Bishkek Moskvaning ashaddiy tanqidchilari bo’lmish G’arb o’lkalari bilan ham aloqalarni faollashtirmoqda.
Qirg’iziston-Rossiya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqboli qanday?
Siyosatshunos Mahmudjon Qozoqboyev Rossiya rahbarining Qirg’izistonga ish safari to’planib qolgan dolzarb masalalalarni hal qilishga xizmat qiladi, deb ishonadi.
Uningcha, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirar ekan, Qirg’iziston dastavval mehnat muhojirlariga qulayliklar tug’dirish maqsadini ko’zlagan. Ammo ushbu toifa uchun ayrim muammolar hozirgacha mavjud.
“O’ylanmanki, mehnat muhojirlari masalasi davlat rahbarlari muhokamasidan, albatta, joy oladi. Shuningdek, qator iqtisodiy loyihalar hamda xavfsizlik choralari haqida gap ketadi”, - deydi Mahmudjon Qozoqboyev.
Bir necha yil muqaddam Qirg’izistonda Rossiyaning harbiy bazasi haqida tuzilgan bitim 2016-yil kuchga kirgan bo’lib, hozirda to’rt rus harbiy obyekti yagona (birlashgan) harbiy baza maqomini olgan.
Qirg’izistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishi ortidan paydo bo’lgan ayrim masalalarni hal qilishga ko’mak berish maqsadida qirg’iz-rus rivojlanish jamg’armasi tuzilgan. Rasmiy Moskva ushbu idoraga 500 million AQSh dollari ajratgan.
“Rossiyadan o’rnak olgan holda, Pekin ham Xitoy-qirg’iz rivojlanish jamg’armasi tuzmoqchi”, - deydi suhbatdosh.
Mahmudjon Qozoqboyev fikricha, Moskva Qirg’izistonda baholi-qudrat faollik qilmoqda.
Ayni paytda, tahlilchilarga ko’ra, tashqi sarmoyalarni samarali ravishda o’zlashtirish Qirg’izistonda muammoli masalaligicha qolmoqda.
Suhbatdosh nazarida Rossiya Markaziy Osiyo yo’nalishida ta’sirini saqlash va kuchaytirishni maqsad qilgan holda, o’z tashabbuslarini olg’a surmoqda. Uningcha, janob Putinning Qozog’iston, Tojikiston va Qirg’izistonga safari ham ayni maqsadni ko’zlaydi.
Bishkeklik jamoat arbobi Baxtiyor Fattohovning aytishicha, sobiq sovet o’lkalari umumiy tarix hamda yaqin o’tmishda mavjud bo’lgan yagona iqtisodiy kenglik imkoniyatlaridan keng foydalana bilsa, durust bo’lar edi.
“Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirish ortidan kutilgan natijalar tezda ko’zga tashlanmaganiga sabab - avvalambor, hukumatning yetarli tayyorgarlik ishlari o’tgazmagani. Aminmanki, oldinda ijobiy siljishlar bizni kutayapti. Asosiysi, biz ulkan bozorga ega bo’ldik. Endi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishimiz kerak”, - deydi u.
Baxtiyor Fattohov ta’lim sohasida Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Uningcha, rus oliy o’quv dargohlarida Qirg’iziston yoshlari uchun ko’proq o’rinlar ajratilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi.
“Madaniy aloqalar, ma’naviy qadriyatlarni unutmaylik”, - deydi bishkeklik arbob.