Breaking News

Rossiya prezidenti Ukraina, sanksiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi haqida gapirdi


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun Vladivostok shahrida an’anaviy yillik Sharqiy iqtisodiy forumda qatnashib, qator masalalar bo’yicha fikr bildirdi.

Xalqaro hayot - 7-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00

Unga ko’ra, Rossiya Ukrainada boy bergani yo’q, aksincha, g’alaba qozonmoqda.

“Harbiy harakatlarni boshlagan biz emas. Biz shunchaki ularga chek qo’yishga harakat qilyapmiz”, - dedi Putin Donbassda 2014-yildan beri Ukraina hukumati va bo’lginchilar o’rtasidagi ixtilofga ishora qilib.

Putinning aytishicha, Ukraina mojarosi dunyoni bo’lib qo’ydi.

Rossiya rahbari Yevropa Ittifoqining rus nefti narxini cheklashga qaratilgan harakatlarini tanqid qildi. ​Shunday bo’lgan taqdirda Rossiya Yevropaga gaz va neft ta’minotini to’xtatib qo’yadi, dedi u.

Yevropa Ittifoqining Rossiya yoqilg’isiga tobe ayrim mamlakatlari vaziyatdan xavotir bildirmoqda. Tashkilotga a’zo davlatlar energetika vazirlari juma kungi favqulodda majlisda shu haqda gaplashishi kutilmoqda.

Putin Rossiya gazi narxiga cheklov qo’yish rejasini ahmoqlik deb atadi.

“Barcha shartnomalarga amal qilamiz. Biroq agar kimdir kelishuvlarga qarshi siyosiy qarorlar qabul qilsa, shartnomadan chiqamiz. Iqtisodiy manfaatlarimizga qarshi bo’lsa, na neft, na gaz, na ko’mir uzatamiz”, - dedi Putin.

Rossiya prezidentiga ko’ra, hozirgi yoqilg’i inqirozida ayb Yevropaning o’zida.

“Gazprom” shu hafta “Shimoliy oqim-1” quvuri ta’mir uchun butunlay to’xtatilishi haqida e’lon qilgan. Yevropa Ittifoqiga ko’ra, Rossiya yoqilg’idan qurol sifatida foydalanmoqda, turli bahonalar bilan quvur faoliyatidagi tanaffuslar va uzilishlar sabab gaz narxini sun’iy ravishda ko’tarmoqda.

Rossiya yil boshida qurilishi bitkazilgan yangi “Shimoliy oqim-2” quvuriga ishora qilarkan, eski quvur ishlamasa, Yevropa yangi quvurni ishga tushirishi mumkin deya bildirmoqda, biroq fevral oxirida Ukrainada urush boshlanishi ketidan G’arb mamlakatlarining Rossiyaga qo’ygan sanksiyalari doirasida Yevropa “Shimoliy oqim-2” quvuridan foydalanmaslikka ahd qilgan.

Putinga ko’ra, Rossiyani yakkalashga qaratilgan harakatlardan foyda yo’q, chunki Yevropa bozorlari unga yopiq bo’lsa, Moskva Yaqin Sharq bozorlarida faollashadi.

"Rossiya suveren mamlakat. Biz hamisha o’z milliy manfaatlarimizni himoya qilamiz, o’z siyosiy yo’limizdan og’maymiz”, - dedi u.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bugun Serbiyaga safari chog’ida Prezident Aleksandr Vuchich bilan ko’rishib, G’arbning Rossiyaga nisbatan siyosatini tanqid qildi, uni “provokatsion siyosat” deb atadi.

"Rossiya gazni Yevropaga o’chirib qo’ydi. Narxlar keskin ko’tarilib ketdi. Hamma endi qishni qanday o’tkazishi haqida xavotirga tushdi. Bu haqda oldinroq o’ylash kerak edi”, - dedi Erdog’an.

Anqara Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralab, Kiyevni jangovar dronlar bilan ta’minlashiga qaramay, G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo’llab-quvvatlamadi.

Bu o’rtada Putin Ukraina va G’arbni Rossiya va rivojlanayotgan davlatlarni laqillatayotganlikda aybladi. Putin BMT va Turkiya vositachiligida imzolangan va Ukraina bug’doyini dengiz yo’llari orqali jahon bozoriga olib chiqishni ko’zlagan bitimni qayta ko’rib chiqishga chaqirdi.

Unga ko’ra, mahsulot hozircha, asosan, Yevropa va Turkiyaga olib chiqilmoqda, rivojlanayotgan mamlakatlar esa qolib ketyapti.

"Yevropaning ko’plab davlatlari oldingi asrlarda mustamlakachi siyosatini qanday olib borgan bo’lsa, hozir ham shuni davom ettiryapti. Ular rivojlanayotgan davlatlarni laqillatishda davom etishyapti. Bu oziq-ovqat inqirozini kuchaytirishi, misli ko’rilmagan gumanitar ofatga yetaklashi aniq”, - dedi Putin.

Kelishuvda Rossiyaning don mahsulotlarini ham sanksiyalardan xoli ravishda eksportga chiqarish ko’zda tutilgan, biroq Putinning aytishicha, Rossiya mahsulotlari ortilgan birorta kema hozircha jahon bozoriga yo’l olgani yo’q.

Ukraina prezidentining maslahatchisi Mixaylo Podolyak bunday da’volarni inkor etarkan, Putinni iqtisodiy shantaj uchun yangi imkoniyatlar izlayotganlikda aybladi.

BMT hisobiga ko’ra, shu kunga qadar 88 ta kema Ukraina portlaridan chiqqan yoki chiqish taraddudida. Don mahsulotlarining aksariyati Turkiyaga yetkazilmoqda.

Putinning yuk kemalari xavfsizligiga doir kelishuv to’xtatilishi mumkinligi haqidagi gaplaridan so’ng jahon bozorida g’alla narxi oshdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG