Breaking News

Putin Tramp impichmentiga munosabat bildirdi


Trampga Vakillar palatasida impichment e’lon qilinganini izohlar ekan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Trampga qo’yilgan ayblovlar xayolparastlik mevasi.

Xalqaro hayot - 19-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00

Putin bu haqda Moskvadagi yillik matbuot anjumanida so’zladi. Muxbirlardan biri Putindan impichment Tramp prezidentligiga nuqta qo’ydimi deb so’radi.

“Bunga amin emasman. Masala Senatda ham ko’rilishi kerak, ammo u yerda respublikachilar ko’pchlik. Ular mening nazarimda xom-xayollarga asoslangan sabab bilan o’z partiyasi vakilini prezidentlikdan olishiga ishonmayman. Bu shunchaki ichki siyosiy kurashning davomi. Patiyalardan biri saylovni boy berdi, ya’ni demokratlar. Ular Trampni Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblab, turli yo’llar bilan o’z maqsadiga erishmoqchi. Til biriktirganlik haqidagi ayblov isbotini topmagach va uni impichment masalasiga biriktirishning iloji bo’lmagach, endi Tramp Ukrainaga bosim qo’ygani haqidagi allaqandaydir ayblovlarni ishga solishyapti. Men buning ma’nosini, ochig’i, tushunmadim”, - dedi Putin.

18-dekabr kuni AQSh Kongressining demokratlar yetakchiligidagi Vakillar palatasi Prezident Donald Trampga rasman impichment e’lon qildi. Endi masala Senatga oshirilishi kerak. Palata spikeri Nensi Pelosi bu qachon bo’lishini aytgani yo’q hozircha. Biroq respublikachilar ko’pchilikni tashkil etuvchi Senatdagi sud Trampni oqlab chiqishi kutilmoqda.

Vakillar palatasida impichment bo’yicha o’tgan ovoz berish jarayonida qonunchilar o’z partiyasining ushbu masalaga pozitsiyasidan kelib chiqib ovoz berdi. Demokratlar Trampni ikki modda bo’yicha ayblagan – vakolatini suiiste’mol qilish va Kongressda uning harakatlarini tergov qilish jarayoniga g’ov bo’lish.

Spiker Pelosi Senatdagi yetakchi qonunchilardan sud qanday o’tishi haqida bilmoqchi ekanini aytdi.

“Bu o’ta jiddiy masala, ammo Senatda ko’pchilik sardori sud raisining ayblanuvchi advokatlari bilan hamtovoq ekaniga qarshi emasligini aytmoqda. Bu bizga to’g’ri kelmaydi”, - dedi Pelosi.

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonelning aytishicha, u bo’lajak sud jarayoni xususida bevosita Oq uy bilan aloqada. Makkonel sud qisqa va guvohlarsiz bo’lishini aytgan va demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumerning Vakillar palatasidagi tinglovda guvohlik bermagan Tramp ma’muriyatining to’rt xodimini Senatdagi sudga guvohlik uchun chaqirtirish talabini qondirmadi.

Prezidentning Kapitoliydagi eng yaqin ittifoqchilaridan hisoblangan respublikachi senator Lindsi Grem Makkonelning strategiyasini olqishlamoqda.

“Prezident taklif etayotgan guvohlarning ham, senator Shumer tilga olgan guvohlarning ham chaqirtirilishiga qarshiman. Aksariyat senatorlar ovoz berishga tayyor”, - dedi Grem.

Makkonel sud yanvar oyida bo’lishini aytgan. Trampga qo’yilgan ayblovlardan biri shuki, u Ukraina hukumatiga bosim qo’yib, saylovdagi raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden va uning Ukrainadagi gaz kompaniyasida ishlagan o’g’li Xanter bilan bog’liq korrupsiya ishini tergov qilishni talab qilgan.

Vakolatni suiiste'mol qilish ayblovini 230 qonunchi qo'llab-quvvatladi, 197 nafari qarshi ovoz berdi.

Ikkinchi ayblovga ko’ra esa, Tramp Ukrainaga doir minglab hujjatlarni Vakillar palatasining impichment bilan shug’ullangan tergovchilariga bermay, ma’muriyatining yuqori lavozimli xodimlariga qo’mitadagi tinglovlarda guvohlik berishni taqiqlab qo’ygan.

Kongressdagi tergovga g'ov bo'lish ayblovini 229 qonunchi qarshiladi, 198 nafarini qarshi ovoz berdi.

Vakillar palatasidagi 435 ta o'rindan 233 tasi demokratlar qo'lida, 197 tasi respublikachi qonunchilar tomonidan egallanib turibdi. (Yana bir qonunchi mustaqil, 4 ta o'rin esa bo'sh turibdi)

Vladimir Putin matbuot anjumanida AQSh bilan Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish haqidagi shartnomani yangilashga tayyor ekanini ham bildirdi. Biroq uning aytishicha, Rossiya takliflariga AQShdan hozircha javob olingani yo’q. Bu bitimsiz esa, dedi Putin, qurollanish poygasiga g’ov bo’luvchi birorta chora qolmaydi va bu yaxshi emas.

Iqlim o’zgarishi haqida gapirgan Putinning aytishicha, Rossiyada iqlim dunyodagiga qaraganda ikki baravar tez ilimoqda, bu esa Rossiyaning Arktikada abadiy muzliklarda qurilgan shaharlariga tahdiddir.

Bu Putinning 15-yillik matbuot anjumani bo’lib, 4,5 soat davom etgan tadbirda 1895 nafar jurnalist ro’yxatdan o’tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG