AQSh va Rossiya prezidentlarining ko’pdan beri kutilayotgan ilk uchrashuvi juma kuni Gamburgda bo’lib o’tadi. Har ikki rahbar mamlakatlari o’rtasidagi aloqalarni yaxshilash tarafdori. Donald Tramp va Vladimir Putin Katta Yigirmalik sammiti doirasida Ukraina va Suriya mavzularini ko’taradi.
“Prezident Tramp boshqa mavzularga ham to’xtalishi mumkin. Bunga tayyor turish kerak. Uning usuli shunaqa”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Stiven Sestanovich.
Biroq Tramp saylov shtabining Rossiya bilan saylov paytida til biriktirgani haqidagi da’volar va tergov ikki davlat aloqalarining yaxshilanishiga halaqit berishi mumkin.
“Tramp va Putin o’rtasida kechadigan har bir narsa endi ana shu ish doirasida ko’riladi. Tramp haddan tashqari mulozamat ko’rsatdimi? Tanqidlarni yumshatish uchun Rossiyaga nisbatan qattiqroq ko’rinishga harakat qildimi? Ana shular diqqat bilan kuzatiladi” - deydi Gudzon instituti tahlilchisi Xanna Toburn.
Aksariyat kuzatuvchilar Tramp uchrashuv chog’ida Rossiyaning xakerlik harakatlarini muhokama qilmasligiga amin.
Moskva ko’chalarida esa Gamburg uchrashuviga umid bilan qaralmoqda.
“Hozirgi vaziyat uzoq davom etishi mumkin emas. Hamkorlik bo’lmasa, rivojlanish ham bo’lmaydi”, - deydi Konstantin ismli bir yigit.
Tanqidchilar hamkorlik og’izda qoladi degan fikrda.
“Aniq uchrashuv kun tartibini ko’rmayapmiz. Na konkret maqsadlar bor va shu maqsadlarni amalga oshirishga na siyosiy iroda. Putin Trampdan ilk qadam qo’yishini kutsa kerak. Ammo Trampga vatanidagi muammolar halaqit berishi mumkin. U Putin bilan qanday muomala qilishni ham bilmay turibdi hozircha”, - deydi Karnegi markazining Moskvadagi xodimi Andrey Kolesnikov.
Uchrashuv natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, deydi u, yutuq Putinniki bo’ladi. Uchrashuv yomon o’tsa, Putin Amerikani ayblaydi, yaxshi o’tsa, maqtanadi, deydi Kolesnikov.
Facebook Forum