Breaking News

Putinning Amerika prezidentlari bilan uchrashuvlari tarixi


16-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashadi. Bu Jo Bayden uchun prezidentlikka kelganidan beri Rossiya rahbari bilan ilk uchrashuvi. Vladimir Putin esa bungacha Amerikaning to'rtta prezidenti bilan ko'rishgan.

Xalqaro hayot – 15-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:37 0:00

1999-yilda hokimiyat tepasiga kelgan Putin shu kungacha Amerikaning to’rtta prezidenti bilan ko’rishgan – Bill Klinton, Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp. Bayden beshinchisi bo’ladi.

Ikki mamlakat aloqalari hozirgiday yomon bo’lmagan hali.

Dunyoning rivojlangan va sanoatlashgan mamlakatlari Putin hokimiyatga kelishidan ikki yil oldin Rossiyani o’z safiga qo’shib, “Katta Yettilik” guruhi “Katta Sakkizlik”ka aylanadi.

Putin prezidentligining ilk yillarida G’arbga moyil siyosatchi hisoblangan. 2000-yilda Putin hatto Rossiyaning NATOga a’zo bo’lish ehtimoliga ijobiy qaragan.

Putin va Klinton uchrashuvi, 2000-yil
Putin va Klinton uchrashuvi, 2000-yil

2000-yil iyunida Putin ilk bor Amerika prezidenti bilan uchrashadi. Moskvaga tashrif buyurgan Bill Klinton Rossiyaning Chechenistondagi harbiy harakatlarini tanqid qiladi. Ikki rahbar iyul oyida “Katta Sakkizlik” sammitida ham ko’rishadi.

Shundan keyin AQShda prezident almashib, Putin va Jorj Bush ilk bor 2001-yil 16-iyunida Sloveniyada ko’rishadi.

Bush va Putin Sloveniyada uchrashmoqda, 2001-yil
Bush va Putin Sloveniyada uchrashmoqda, 2001-yil

11-sentabrda esa Amerikada dunyoni bir umrga o’zgartirgan voqealar ro’y beradi va Putin Jorj Bushga qo’ng’iroq qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo’ladi.

Rossiya terrorga qarshi urushda Vashingtonning yaqin hamkorlaridan bo’lgan, Afg’onistonga Amerika harbiylari va yuk-anjom o’tkazishda yordam bergan.

Putin va Bush 2002-yil noyabrida Sankt-Peterburgda yana uchrashadi. Bir yil o’tib esa AQSh Iroqni bosib oladi. Putin urushga qarshi chiqib, uni Amerika tashqi siyosatidagi xato deb ataydi.

2004-yilda Putin ikkinchi muddatga saylanib, 2005-yil fevralida Slovakiyada Bush bilan uchinchi bor ko’rishadi. AQSh Rossiyaning Jahon savdo tashkilotiga kirishiga yordam va’da qiladi.

2008-yil martida Rossiyada Dmitriy Medvedev prezidentlikka saylanib, Putin bosh vazir bo’ladi va asosan ichki siyosat bilan shug’ullanadi. Shunga qaramasdan davlat boshqaruvi Putin qo’lida qoladi.

2008-yil aprelida Putin NATO sammitiga taklif etiladi va Buxarestga boradi. U Gruziya va Ukrainaning alyansga qabul qilinishiga keskin qarshilik bildiradi.

2008-yil avgustida Rossiya-Gruziya urushi Moskva-G’arb aloqalarining sovuqlashishiga olib keladi. Noyabrda esa AQShda Barak Obama prezidentlikka saylanadi.

Putin Obama bilan Meksikada uchrashmoqda, 2012-yil
Putin Obama bilan Meksikada uchrashmoqda, 2012-yil

Obama ma’muriyati 2009-yilda Rossiya bilan aloqalarni yangilashga chaqirib, 2010-yil aprelida ikki davlat strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan 10 yillik bitim imzolaydi.

Putin 2011-yilda Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning NATO havo hujumlari oqibatida hokimiyatdan olinib, o’ldirilganini tanqid qiladi.

2012-yilda Putin uchinchi bor prezidentlikka keladi. Shundan so’ng AQSh bilan aloqalar yomonlasha boshlaydi. Amerikaning Xalqaro taraqqiyot agentligi Rossiyadan haydaladi; AQSh Kongressida Rossiyaga sanksiyalarni qo’yishni ko’zlovchi Magnitskiy qonuni qabul qilinadi.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi xodimi Edvard Snouden Amerikani dunyo rahbarlarini maxfiy ravishda kuzatayoganlikda ayblab, Rossiyaga qochadi.

2014-yilda Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich muxolifat uyushtirgan isyon natijasida mamlakatni tark etadi. Kreml G’arbni va AQShni davlat to’ntarishida ayblaydi va Qrimni o’ziga qo’shib oladi. Ukraina sharqida rusiyzabon aholi va Rossiyaga xayrixoh kuchlar armiyaga qarshi jang qilib, Donetsk va Lugansk oblastlarining katta qismi Kiyevdagi hukumat boshqaruvidan chiqadi.

AQSh Rossiyani isyonchilarni qurol va qo’shin bilan ta’minlayotganlikda ayblaydi. Shu yil martida Rossiya “Katta Sakkizlik”dan haydaladi.

2015-yil sentabrida Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari ham Moskvaning G’arb dunyosi bilan aloqalarining yomonlashishiga omil bo’ladi. AQSh Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi kuchlarni, Rossiya esa hukumatni qo’llab-quvvatlaydi.

2016-yil kuzida tadbirkor Donald Tramp AQShda prezidentlikka saylanadi. Amerikadagi ayrim siyosiy kuchlar Rossiyani saylovlarga aralashganlikda va hatto Trampga saylanishda yordam berganlikda ayblab tergov boshlaydi.

Putin-Tramp uchrashuvi, Xelsinki, 2018-yil
Putin-Tramp uchrashuvi, Xelsinki, 2018-yil

Putin Tramp bilan ilk bor 2017-yil iyulida Germaniyada “Katta Yigirmalik” sammitida, so’ng noyabr oyida Vyetnamda APEK sammitida uchrashadi.

Tramp prezidentligi paytida Rossiyaga qator sanksiyalar qo’yiladi, o’nlab rus diplomatlari haydaladi, Amerikadagi Rossiya fuqarolari josuslikda ayblanadi.

Britaniyada sobiq rus josusi Sergey Skripal va qizining zaharlanishida AQSh va G’arb Rossiyani ayblaydi.

2018-yil iyulida Tramp va Putin Xelsinkida yolg’iz tarjimonlar guvohligida ko’rishadi. Noyabrda ikki rahbar “Katta Yigirmalik” sammitida uchrashishi kerak edi, biroq Tramp so’nggi daqiqada Argentinada rejalangan uchrashuvni bekor qiladi. Guruhning 2019-yil iyunidagi majlisida Tramp va Putin Yaponiyada yuzma-yuz ko’rishadi.

AQSh va Rossiya qator masalalar bo’yicha chiqisha olmaydi.

2021-yilda Jo Bayden Oq uyda ish boshlashi bilan ham ziddiyatlar barham topmaydi. AQSh Rossiyani hanuz kiberxurujlarda ayblaydi.

Bayden Putin bilan Jenevadagi uchrashuv chog’ida Rossiyada qamalgan muxolifatchi Aleksey Navalniyni ozod etishni, kiberxurujlarga qo’l urishni va Amerika saylovlariga aralashishni bas qilishni, qo’shni Ukraina suverenitetini hurmat qilishni so’rashi kutilmoqda.

Kreml muloqot chog’ida ikki tomonlama aloqalar, strategik yadroviy barqarorlik, COVID-19 ga qarshi kurashda hamkorlik xususida gap ketishini bildirgan. Ikki rahbar qo’shni Belarusdagi vaziyat bo’yicha ham fikr almashishi mumkin.

Putin Vashingtonning Navalniy va Belarus masalalariga qiziqishini Rossiya ichki ishlariga aralashuv sifatida ko’radi, Amerikani sanksiyalardan voz kechishga chaqiradi.

Vashington Rossiyaning ayrim kompaniyalari va tashkilotlarini qo’ra ro’yxatga qo’shgan, AQSh banklariga Rossiya bilan ish qilishni taqiqlagan.

Kreml ilk uchrashuvdan ko’p narsa kutmang deya, jiddiy masalalarda kelishuv bo’lmasligiga ishora qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG