Breaking News

Qatar: Jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun pora bermaganmiz


Futbol bo'yicha 2022-yil Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasi raisi Hasan Tavodiyning (Hassan al-Thawadi) aytishicha, Qatar musobaqaga mezbonlik qilish huquqini halol yo'l bilan qo'lga kiritgan.

Matbuotdagi ayrim da'volarga ko'ra, Qatar bunday imkoniyatga milliy federatsiyalarga pora berib ega bo'lgan bo'lishi mumkin. Tavodiy Qatarda qabul qilingan yangi qonunlar Jahon kubogiga aloqador qurilishlarga jalb etilgan migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilganini aytadi.

Qatar yangi stadionlar qurilishi uchun 10 milliard dollar ajratgan, infratuzilmani yaxshilash uchun esa 200 milliard dollar. Shu kunga qadar eng qimmat musobaqa shu bo'ladi hozircha. Turnir bunga arziydi, deydi Tavodiy.

“Fuqarolarimizning futbolga bo'lgan qiziqishi cheksiz. Bundan tashqari, faqat mojaro va ziddiyatlar sabab xalqaro matbuotda tilga olinadigan mintaqamizni Jahon kubogi orqali boshqacha ko'rsatmoqchimiz", - deydi tashkiliy qo'mita raisi.

Jahon futbol federatsiyasida korrupsiya bilan bog'liq ayblovlar tufayli FIFAning qator rahbarlari va mutasaddilari iste'fo berdi, ayrimlari tergov ostida.

Mezbon tanlovidan so'ng masalani taftish qilgan amerikalik yurist Maykl Garsiyaning aytishicha, nomzodlarni saralash, mezbonlikka raqobat paytida jiddiy qonunbuzarliklarga yo'l qo'yilgan. Biroq ishni ko'rgan germaniyalik sudya Qatarning mezbonlikka tanlanishida ayb topolmadi.

“Biz qoidalarga rioya qildik. Tanlovdan so'ng Maykl Garsiya olib borgan tergovga yordam berdik, hamkorlik qildik, chunki aybsiz ekanimizni bilardik", - deydi Hasan Tavodiy.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar Qatarni musobaqaga zarur qurilish obyektlariga jalb etilgan yuz minglab quruvchi migrantlar huquqlarini poymol qilayotganlikda ayblab keladi.

Qatarda xorijiy ishchilar maqomi ish beruvchiga bog'liq bo'lib, bunday tizim "kafala" deb taladi. Tavodiyning aytishicha, ayni damda hukumat ishchilar huquqlariga doir qonunlarni isloh qilmoqda.

“Qatar amiri 2015-yil oktabrida imzolagan yangi qonunga ko'ra kafala tizimi bekor qilinadi. Bundan keyin ish beruvchi va ishchi munosabatlari o'zaro shartnoma bilan belgilanadi", - deydi Hasan Tavodiy.

Londondagi "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti vakili Jeyms Linchning aytishicha, Qatar berayotgan kafolatlar yetarli darajada ishonarli emas.

“Islohotlarning sekinligi bizni ranjitmoqda. Tashkiliy qo'mita raisi tilga olayotgan yangi qonun ishchilar hayotini o'zgartiradi, deb aytishyapti. Ammo bunga shubhamiz bor. Yangi qonun ham kafala tizimining aynisi, nomi boshqacha, xolos. Tizim isloh etilmagan, shunchaki salgina pardoz qilingan", - deydi Linch.

Huquq tashkilotlari ishchi migrantlar orasida yurak xurujiga uchrash holatlarining ko'payganini ham tergov qilishga chaqirmoqda. Ular nazarida bunga haddan tashqari issiq havo sabab.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG