Breaking News

Qatardagi mehnat muhojirlari: Huquqsiz, himoyasiz, pulsiz


2022-yilda Qatarda futbol bo’yicha bo’ladigan Jahon chempionatidan oldin mamlakat bo’ylab sport inshootlari qurilmoqda. Ko’plab ishchi migrantlar bu qurilishlarga jalb qilinganiga qaramay, ba’zilari ishi uchun oylab va hatto yillab pul olgani yo’q. Kimdir vataniga quruq qaytib ketishga majbur bo’lyapti.

Vaziyatni tekshirayotgan inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Xalqaro futbol federatsiyasi va dunyo hamjamiyatidan Qatarga bosim qo’yib, mamlakatni yirik musobaqadan oldin islohotlarga chaqirishni so’ramoqda.

Jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini qo’lga kiritgan bu mamlakatda sport inshootlari qurilishlarida ishlayotgan migrantlar taqdiriga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ishchilarga maosh to’lamaslik, yashash sharoitlarining ayanchli ahvoli, qurilish obyektlarida xavfsizlik choralarining ta’minlanmagani haqida ko’plab shikoyatlar yangragan.

Qatar hukumati tanqidlarning ayrimlariga e’tibor berib, 2018-yilda migrantlar huquqlarini qayta ko’rib chiqishga rozi bo’ldi. Ishchilardan tushayotgan shikoyatlarni ko’rib chiqish uchun maxsus qo’mitalar hamda ishchilarning ish beruvchilarga qarshi huquqiy da’volarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan jamg’arma tuzildi.

“Qog’ozda hammasi zo’r. Ammo maoshini ololmayotgan ishchilar sudda da’vo ochishi bilan natijasini uzoq kutishga majbur – uch oydan sakkiz oygacha. Shunda ham maoshni qo’lga olishi kafolatlanmagan. Bunday vaziyatda ko’plar qo’l siltab, umidini uzadi va yurtiga quruq qaytadi, kimdir esa Qatarda qolib, pul chiqishiga umid qiladi va og’ir ahvolda ishlashda davom etadi”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” vakili Mey Romanos.

Ayni paytda ikki millionga yaqin ishchi migrant Qatarda mehnat qilmoqda, aksariyati Janubiy Osiyo va Afrikadan.

“Xalqaro Amnistiya” qurilish va tozalash sohalarida faoliyat yuritayotgan uch agentlikning ikki mingdan ziyod ishchisining ahvoli bilan tanishdi. Agentliklar qiyin moliyaviy vaziyatni pesh qilib, maosh berishni to’xtatib qo’ygan, so’ng ishchilar bilan shartnomalarni uzib yopilgan.

Ba’zilar cheklangan miqdorda kompensatsiya olishga muvaffaq bo’ldi, ammo aksariyati uyiga quruq qaytdi.

“Ba’zilari foizli kreditlar olib qo’ygan, ularni yopishi kerak. Maoshini ololmaganidan keyin qarzga botadi. Qatarda yashash sharoitlari xarob, oziq-ovqat, suv, chiroq yo’q”, - deydi Romanos.

Qatar hukumati islohotlar amalga oshirilganini, migrantlarga yordam berganini aytib keladi.

“Xalqaro Amnistiya”ga ko’ra, sudyalar qo’mitalarda ishlarni sekin ko’radi, kompensatsiya jamg’armasi yaxshi ishlamaydi.

Jahon chempionatidan so’ng, deydi tashkilot vakili, dunyo hamjamiyatining bu muammoga e’tibori keskin tushib ketadi.

“Kelasi bir yilda vaziyat ijobiy tomonga o’zgarmasa, tizim tuzalishidan umidni uzavering”, - deydi Mey Romanos.

Uning aytishicha, qurilish loyihalari tugashi bilan turizm va xizmat sektorlariga asosan xotin-qizlarni yollashadi, ammo ular ham ekspluatatsiya qilinishiga xavotirlar mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG