Breaking News

Olimlar: Hozircha faqat informatsiyani “teleportatsiya” qila olamiz


Kvant teleportatsiyasi: Bugun nimaga qodirmiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Chikagoda joylashgan “Fermilab” ilmiy laboratoriyasi “kvant teleportatsiyasi” bo’yicha loyihada qatnashayotgani haqida xabarlar tarqalgach, ayrimlar xayoliga “Star Trek” ilmiy-fantastik serialidagi sahnalar kela boshladi. Undagi personajlar bir joydan ikkinchi joyga “nur” orqali ko’chib yura oladi.

“Aslida, kubitni jismonan harakatlantirmagan holda ma’lumotni bir joydan ikkinchi joyga ko’chirish ustida tadqiqot olib borayapmiz”, - deydi olim Panayotis Spentsuris.

U ma’lumotni yoki kvant bitlari bo’lmish kubitlarni tolali kabel orqali 40 kilometr masofaga yuborish, boshqacha aytganda “teleportatsiya qilish” ustida izlanish olib borayotgan olimlardan biridir.

Ushbu sinovlar - kvant internetini yaratish tomon qo’yilgan navbatdagi qadam. U bilan katta hajmdagi ma’lumotlarni tez va xavfsiz uzatish imkoniyati paydo bo’ladi.

“Kvant aloqaning o’ziga xos xususiyatlari bor. Noqonuniy kuzatuvlardan himoyalangan bo’lasiz”, - deydi Spentsuris.

“Doimiy ravishda ishlaydigan, kvant o’lchovlarini bitta tajriba emas, balki tizimli ravishda bajara oladigan sistemalar yaratdik”, - deydi fizik-olima Mariya Spiropulu.

Kaliforniya Texnologiya instituti professorining aytishicha, kvant teleportatsiyasi qo’l keladigan sohalar ko’p. Masalan, u GPS navigatsiya tizimini yaxshilashga xizmat qiladi, kosmik kemalar va zondlar bilan uzoq masofadan turib aloqa qilishni tezlashtiradi va kuchaytiradi.

Kvant internetini yaratish konfidensial ma’lumot almashishni tubdan o’zgartiradi, lekin bunga imkoniyat beruvchi texnologiyalar hali boshlang’ich pallada.

“Ular ustida ish bolib borayotganda kelajak haqida o’ylashimiz kerak. Toki olimlar, muhandislar yaratayotgan yangi qurilmalar bir-biriga mos bo’lsin, mutanosiblik ta’minlansin”, - deydi professor.

2020-yilda AQSh Energetika vazirligi 17 laboratoriya ishtirokida umummamlakat kvant tarmog’ini yaratish loyihasini taqdim etgan. Chikagodagi “Fermilab” laboratoriyasi loyiha markazi bo’lib xizmat qiladi. Olimlarning aytishicha, bu 21-asrning eng muhim texnologik yutuqlaridan biri bo’ladi va kelasi 10 yilda amalga oshishi lozim.

“Butun dunyo bo’ylab bu sohaga katta sarmoya kiritilgan. AQShning o’zi 30-40 yildan beri bu loyihalarni moliyalaydi. Ham xususiy sektor, ham olimlar, ham hukumat jalb qilingan”, - deydi.

Ekspertlarga ko’ra, bugunning texnologiyasi faqat informatsiyani “teleportatsiya” qila oladi. “Star Trek” serialidagi g’oyalar hozircha fantastika.

“Filmda ko’rsatilgani kabi odamlarni, hayvonlarni teleportatsiya qilolmaymiz”, - deydi Spiropulu.

“Bir kun kelib bunga erishsak ham, jarayon boshqacha bo’ladi”, - deya qo’shadi Spentsuris.

Bunday jarayonlarni hozircha faqat ilmiy-fantastik filmlarda ko’rish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG