Breaking News

O’zbekistonlik muhojir: biz Injilni yoqsak, nasroniylarga qanday tegar ekan?


Amerikaning Florida shtatida cherkov ahli Qur’on kitoblarini yoqib, shu asnoda 11-sentyabr foejasini xotirlash fikridan qaytgan. Hafta boshidan beri tinmagan bu bahsni ba’zilar jiddiy oladi, boshqalar yo’q. “Amerika Ovozi”ga ham bu borada qo’ng’iroq, xatlar kelishda davom etmoqda. Keling ana shu fikrlarga quloq tutsak.

Hafta boshidan beri Qur’on kitoblarini yoqaman deb po’pisa qilgan ruhoniy Terri Jouns qaroridan qaytdi. Voqeani boshidan kuzatib borgan o’zbekistonlik muhojir Abduvohid Masharipov bunaqangi tahdidlarni tugatish kerak, deb hisoblaydi.

“Xristianlar o’zlarining diniga qanday qarasa, islomga ham shunday qaraydi. Ular uchun Qur’onni yoki Bibliyani yoqish katta ishmasday tuyulishi mumkin. Masalan, Muhammad payg’ambarni karikatura qilib chiqishganda ham fikr erkinligi deb aytishgan edi. Men bunga umuman qarshiman”, - deydi u.

Bu mojaro atrofidagi bahsni kuzatib odam o’ylanib qoladi. Nima farqi bor – dunyoning bir chekkasida, Floridadagi kichkina bir cherkovda Qu’ronni yoqishibdi. Oxirgi nusxasi emas-ku bu kitobning… Shuncha dod-voy qilish shartmi? Afg’onistonda odam o’ldirishibdi. NATO bazasiga hujum qilishibdi. Odam o’ldirishga munosib ishmi shu?

“Biror musulmonning odam o’ldirishini qo’llab-quvvatlamayman. Nima qilibdi deyish menimcha nasroniycha qarash. Lekin musulmonlar unday qarashmaydi. Din ko’pchilik uchun hayot-mamot masalasi. Muqaddas kitob. Allohning kalomi. Hamma musulmon ham besh vaqt namoz o’qiydi demayman. Xristiandan battar musulmon ham bo’lishi mumkin. Agar biz Bibliyani yoqsak ko’pchilik nasroniylar bunga e’tibor bermaydi. Yoqsa yoqaversin deydi. Lekin bizlar uchun bu musulmonning yuziga oyoq qo’yish deb tushunaman. To’g’ri, oxirgi nusxasi emasdir. Gap uning nusxasida emas, musulmonlarga nisbatan nafrat va hurmatsizlikda”, - deydi “Amerika Ovozi”ga qo’ng’iroq qilgan bu tinglovchi.

Mazkur bahs ketidan Afg’oniston, Pokistonda namoyishlar o’tdi. G’azablangan omma politsiya bilan olishdi. Nafratga nafrat, jahlga jahl bilan javob berish to’g’rimi deb o’ylanadi odam.

“Muzokara yo’li bilan bu yo’ldan qaytarish kerak bunday hollarda. Yoki biz ham Bibiliyani yoqsak kerak. O’zlariga qanday ta’sir qilar ekan bir ko’rish kerak. Balki ularning ham jahli chiqar. Boshqa tomondan olib qaralganda, hech narsa qilmaganimiz ham tuzukdir”, - deydi Abduvohid.

Oq Uy rasmiylari ruhoniy xatti-harakatini oqlamasa-da, uning huquqi, fikrini ochiq aytish huquqi konstitutsiyada himoya qilingan deydi. Amerikani Amerika qilib turgan mana shu tamoyillar, mana shu hujjatlar emasmi? Amerika-Islom aloqalari kengashi direktori Nihad Avad nazarida:

“So’z erkinligi shubhasiz qadrli ne’mat. Biroq so’zni aytgan odam uning mas’uliyatini ham his qilishi kerak”.

Ogayolik muhojir Abduvohid so’z erkinligi o’zi nima, aniqlab olishimiz kerak, deydi.

“Har qanday bema’ni gapni aytish deganimi? Birovning sha’ni, qadr-qimmatiga to’g’ri kelmaydigan gaplarni aytishmi yoki to’g’ri gapnimi? Bu qarab tursam, xohlagan gapni aytaverish ekan-da so’z erkinligi! Ikkinchidan, boshqa din vakillariga nisbatan tolerantlik bo’lishi kerak deb hisoblayman. Obama o’zgarish olib kelaman degan edi. O’zgarishlarni mana shundan boshlashi, konstitutsiyaga tuzatish kiritishi kerak”, - deydi muhojir.

Xorijda yashayotgan muhojirlar nima sababdan dinga ishtiyoqi, ixlosi ortadi degan savolga suhbatdoshimiz shunday javob beradi.

“Vatanda bunaqa emas edim albatta. Oldingdan oqqan suvning qadri yo’q deyishadi. Odobni odobsizdan o’rgan ekan. O’zbekistonda yangi yilni nishonlar edik. Lekin mana bu yil xudoga shukur unday qilmadim”, - deydi Abduvohid Masharipov.

Floridalik ruhoniy Qur’on kitoblarini yoqish qaroridan qaytar ekan, endi Nyu-Yorkda 11 sentyabr foejasi ro’y bergan yerda rejalangan islom markazi boshqa yerga ko’chirilsin deb talab qilmoqda.

“O’zim ko’rdim CNNda bir amerikalik aytayapti – mening jiyanim o’lgan u fojeada. Islom markazi qurilsa menga tarsaki tortishdek gap, deydi. Axir u yerda masjid qurilmasa, uning jiyani tirilib kelmaydi-ku. Bo’lar ish bo’ldi. Masjid qurish ularni masxaralagandek ish emish. Axir bu masjid bo’lsa, Allohning uyi bo’lsa. Hech bir musulmon osib qo’ymaydi-ku, mana biz baribir aytganimizni qildik, masjid qurdik, deb. O’lganlarni masxaralayapmiz deb. Bu tentak gap”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG