Gollivud irqiy tengsizlik haqida ketma-ket kartinalar taqdim etmoqda. O’tgan yarim asrlik tarix muhokamada. Taniqli yulduzlar bosh rollarda. Bu filmlar jamiyatdagi nozik va murakkab masalalarni ochib beradi. Kino ustalari va ijrochilar ijtimoiy faollarga aylangan.
“Detroit” kartinasi “Oskar” sovrindori Ketrin Begelou rejissorligida olingan.1967-yillardagi notinch zamonlarni aks ettiradi.
“Bu to’polonlar Detroitni barbod qilgan. Odamlar g’azabga to’la davrlar bo’lgan”, - deydi Begelou.
Amerikaning Detroit singari katta shaharlari fuqaro tengligi uchun kurash hamda irqchilikka qarshi isyon maydoni bo’lgan. Qora tanlilar orasida ishsizlik va yo’qsillik keng tarqalgan edi. Politsiya afro-amerikaliklarga nisbatan beshafqat edi. Namoyishlarga chiqqanlarni ayamay urar, ularning huquqlarini poymol etar edi.
Yangi kartinadagi eng kuchli epizodlardan birida qora tanli soqchi mehmonxonadagi adolatsizlikka chiday olmay tartib o’rnatishga harakat qiladi.
Jon Boyega Melvin Dismyukes rolida.
“Mening obrazim hayotiy. U norasida go’daklarni himoya qilgan”, - deydi Boyega.
“Detroit” filmida tarixiy kadrlar ishlatilgan. Ular sahnalashtirilgan ko’rinishlar bilan uyg’unlashtirilgan. Repressiya, irqiy adolatsizlik va ularga qarshi bosh ko’targan ommaning kechinmalarini namoyon etadi. Dramatik asar.
“Bu film jamiyatimizni kengroq o’ylashga undaydi, degan umiddaman”, - deydi rejissyor Begelou.
Gollivudning yana bir yangi kartinasida 1950-yillardagi Amerika hayotini ko’rasiz. Jorj Kluni rejissorlik qilgan “Suburbicon” nomli filmga Pensilvaniya shtatining Levittaun degan shaharchasida oq tanlilar mahallasida dahshatli qotillik sodir etiladi.
Yulg’ich va vijdonsiz biznes boshqaruvchi rolini Mett Deymon o’ynaydi. Jinoyatchi u. Lekin aybni shaharchaga yangi ko’chib kelgan qora tanlilarga yuklamoqchi bo’ladi. Aholi bu oilani qora ishlarda gumonsiraydi. Jorj Klunining aytishicha, film ustida ishlayotgan paytida Donald Tramp hali prezidentlikka saylanmagan edi. Kartina katta ekranga tayyorlanar ekan, AQShda irqiy tengsizlik masalasi yanada dolzarblashdi.
"Kinodagi manzara o’tmish, lekin hozirgi tortishuvlar va siyosatchilardan eshitayotganlarimiz o’sha davrni eslatadi”, - deydi Kluni.
“Roman J. Israel Esq.” degan kartinada kino ustasi Den Gilroy adliya tizimi bir paytlar Amerikada naqadar adolatsiz va irqchi bo’lganini ochib beradi.
Los-Anjelesdagi hayot va qora tanli advokat taqdiri.
Bosh rolda Denzel Vashington. AQSh sudlarida afro-amerikaliklar asossiz ravishda qamalgani, irqi sabab gumon qilinib, so’zsiz sudlangani ko’rsatiladi.
Gilroyga ko’ra, kartina 1960-70-yillarda Qo’shma Shtatlarda sud tizimi qanday faoliyat yuritganini aks ettiradi.
“Bu bir qarashda o’tmish, lekin filmdagi ijtimoiy tafovutlar, shubhalanish va tub masalalar hali ham bor va ular bilan har kuni yuzlashamiz. Qonunan, global miqyosda”.
Gollivud filmlari hayotdan yiroq deb o’ylasangiz, bu kartinalarni, albatta, tomosha qiling, deydi rejissorlar, undagi haqiqat sizni, albatta, sergak torttiradi.
Facebook Forum