Respublikachilar partiyasining a'zosi Rend Pol 2016-yilda bo'ladigan prezident saylovlariga nomzodini rasman e'lon qildi. 52 yashar siyosatchi 2011-yilda Kentuki shtatidan AQSh Senatiga saylangan. Asl kasbi ko'z shifokori.
Rend Pol mamlakatni erkinlik va cheklangan hukumat tamoyillariga qaytarmoqchiman, deydi.
U nomzodini e'lon qilgan ikkinchi respublikachidir. Senatning yangi a'zolaridan biri, texaslik Ted Kruz yaqinda prezident bo'lish ishtiyoqini bildirib, ro'yxatga olingan.
Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush, Viskonsin gubernatori Skott Uoker, Floridadan senator Marko Rubio ham yaqin kunlarda nomzodini e'lon qilishi kutilmoqda.
Demokratlardan hozircha rasmiy nomzod yo'q, ammo sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton shu oy o'z rejasini bildirishi aytilmoqda.
AQShda avval bir partiyadan chiqqan arboblar o'zaro bellashib, yagona nomzodni aniqlaydi.
Rend Pol Milliy xavfsizlik boshqarmasi va hukumatning kuzatuv dasturlarining ashaddiy tanqidchilaridan. U AQShning xorijiy davlatlarga moliyaviy yordamini to'xtatmoqchi. Prezident Barak Obamaning Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklash qarorini qo'llab-quvvatlagan.
Nomzod Amerika manfaatlarini himoya qilish uchun mudofaa salohiyatini kuchaytirish tarafdori, ammo boshqa davlatlar ichki siyosatiga aralashmoqchi emas.
"Konservativ arboblar hukumatni yechim emas, muammo deb biladi. O'z mamlakatini farovon qila olmagan hukumat qanday qilib o'zga yurtlarda muvaffaqiyatga erishishi mumkin", - deydi u.
Rend Pol Iroqqa AQSh qo'shinlarini kiritish rejasiga qarshi bo'lib, marixuana iste'molini qonuniylashtirmoqchi.