Dunyoda onlayn qalloblik va pul undirish holatlari ko’payib bormoqda. Rossiyada joylashgan jinoiy guruhlar ayniqsa bu ishda faol ekani aytilmoqda. Xususan, may boshida xakerlar AQShdagi “Colonial Pipeline” kompaniyasining kompyuter tarmog’ini ishdan chiqarib, uni tiklash uchun 5 million dollar talab qilgan.
“Energetika sohasida 39 yildan beri ishlayotgan bo’lsam, eng qiyin qaror shu bo’ldi. Quvurimizning mamlakat uchun ahamiyatini tushungan holda yurtimiz manfaatlarini ustun qo’ydim”, - deydi kiberhujumchilar talabini bajarishga majbur bo’lgan kompaniya rahbari Jozef Blant.
Jinoiy to’dalar zararli dasturlar yordamida kompaniyaning kompyuter tizimiga hujum qilib uni muzlatib qo’yadi. Garov pulini olgandan so’ng faoliyatini tiklaydi. So’nggi bir yilda xakerlar kasalxonalar, transport agentliklari, oziq-ovqat ta’minotchilari kabi muhim infratuzilma qismlarini nishonga olgan.
Xakerlar jinoyatni chegaradan o’tmasdan sodir etadi, pulni esa to’lovning eng xavfsiz shakli - kriptovalyutada oladi.
Jinoyatchilar kompyuter tizimining zaif tomonlarini turli yo’llar bilan ishdan chiqaradi. Masalan, zararli fayllarni elektron pochta orqali yuboradi. Kompaniya xodimi faylni ochganda zararli dastur butun tarmoqni viruslantiradi. “Colonial Pipeline” misolida ular eski virtual xususiy tarmoqqa kirishga muvaffaq bo’lgan.
Shundan so’ng xakerlar sistemani ishdan chiqaradi, qulfni shifrlab, tizimni qayta ochish uchun qancha va kimga pul to’lash kerakligini ma’lum qiladi.
Xakerlar kompaniya kompyuter tizimidagi maxfiy va nozik ma’lumot nusxasini ko’chirib, pul to’lanmasa, ma’lumotlar jamoatchilikka oshkor etilishi haqida do’q-po’pisa qiladi.
Pul kriptovalyutada to’lanadi, uning iziga tushish esa qiyin. To’lov amalga oshganidan so’ng xakerlar fayllarni qayta ochish uchun shifrni uzatadi.
So’nggi paytda xakerlar ishi ancha mukammallashgan. Ular o’z mahsulotlarini jinoiy to’dalarga sotadi, deydi mutaxassislar.
“Muammoni aniqlash qiyin bo’lib qoldi. Jinoiy ishga kim qo’l urganini bilib bo’lmaydi. Ular kompaniyalar kompyuter tarmog’idagi zaifliklarni aniqlash uchun mutaxassislarni yollashadi”, - deydi “McAfee” antivirus kompaniyasi bosh olimi Raj Samani.
Rasmiylarning aytishicha, AQSh huquq-tartibot organlari “Colonial Pipeline” kompaniyasiga to’langan pulning 2,3 million dollarini qaytarishga muvaffaq bo’lgan. Pul Rossiyada joylashgan kiberjinoyatchilar guruhiga o’tkazilayotgani aniqlandi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden 16-iyun kuni Jenevada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashganida bu mavzuni ko’tarib, Rossiyaning kiberjinoyatchilar uchun boshpanaga aylanayotganini muhokama qiladi.
Bayden va Yevropa rahbarlarining bu masalaga aralashayotgani bu turdagi xakerlar faoliyatiga jiddiy e’tibor berilayotganidan dalolatdir, deydi mutaxassislar.
“Bu borada jiddiyroq choralar ko’rila boshlaydi va bu shunchaki kiberjinoyat sifatida emas, balki milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko’riladi. Muammoga qarshi kurashish uchun kattaroq resurslar ajratiladi”, - deydi San-Fransiskoda asoslangan “Xavfsizlik va texnologiya instituti” rahbari Filip Rayner.
Bayden ma’muriyati yirik kompaniyalardan kichik shaharlargacha kompyuter tizimi xavfsizligini yaxshilash, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, xakerlar hujumidan himoya tizimini mukammallashtirishni buyurdi.
Facebook Forum