Yozgi ta’tildan maktabga qaytgan bolalar odatda yoz bo’yi nima qilganini gaplashadi. Merilend shtatida o’quvchilar uchun yozgi dasturlar bor. 15-16 yoshli o’smirlar davlat va notijorat tashkilotlarda, xususiy bizneslarda tajriba orttiradi.
Aylina Pogosyan Montgomeri kollejida yozgi amaliyot o’tadi. Mashg’ulotlar individual.
“DNK testlarini o’tkazyapmiz. Amaliyotchilar kelib ishlashiga tayyorlab qo’yish kerak”, - deydi laboratoriya xodimi.
“Bu uskunalar bilan ishlashni o’rganish men uchun muhim. Aksariyat maktablarda bunday sharoit yo’q”, - deydi Aylina Pogosyan.
O’quvchilar kun bo’yi bir xonada emas.
“Amaliyotchilarni hayvon boqishga ham jalb qilganmiz. Toshbaqa, ilonlarimiz bor. Ularga qarashadi, tajriba bo’ladi”, - deydi laboratoriya xodimi.
“Bu ishlarni qilish maktabni bitirib qanday sohani tanlashimga yordam beradi”, - deydi amaliyotchi Aylina.
Aylina maxsus yozgi dasturlarda 25 maktabdan birinchi marta qatnashayotgan 400 merilendlik o’smirlardan biri. Dastur maqsadi yuqori sinf o’quvchilarini turli sohalar bilan tanishtirish, kasb tanlashda ko’maklashish.
“Okrugimizda yuqori malaka talab qilmaydigan 30 ming ish o’rni bor. Bu yoshlar bir-ikki yildan keyin joylashishi mumkin. Ish haqi olishadi, soha tanlashda ko’mak bo’ladi”, - deydi Vill Javando, dastur rahbari.
140 dan ortiq xususiy bizneslar, davlat va notijorat tashkilotlari o’smirlar uchun eshigini ochgan. Dastur hamkorlikda yuritiladi. Amaliyotchi ish haqi oladi.
Okrug kengashi ham qisman byudjet ajratadi.
“Pul ajratish masalasi doim murakkab. Lekin agar global maydonda raqobatbardosh bo'lamiz desak, farzandlarimizga imkoniyatlar yaratishga jiddiy qaraydigan bo’lsak, sarmoya qilish kerak", - deydi Montgomeri okrugi kengash a’zosi Kreg Rays.
O'smirlar ham, tashkilotchilar ham dastur kelasi yili kengayishidan, atrofdagi shaharlarda ham yo'lga qo'yilishidan umidvor.
Facebook Forum